Taniqli so‘z ustasi Shukrullo Isroilovga tegishli Mercedes-Benz rusumli avtomobil o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan sud ishi yakunlandi.
Sudda ma’lum bo‘lishicha, olib qochilgan avtomobil uning farzandiga tegishli bo‘lgan. Qiziqchi mashina olib qochilganini sezishi bilan ichki ishlar organlariga xabar bergan.
Transport vositasi Uchtepa tumani Zargarlik ko‘chasida to‘xtatildi. Transport vositasi va uni boshqargan shaxs jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlariga topshirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, transport vositasini 1998-yilda tug‘ilgan Sherzod ismli shaxs uning ochiq qoldirilganidan foydalanib, olib qochgan.
Shu mashinani haydab ko‘rishga qiziqardim. Mashina ochiq turgandi, oldida hech kim yo‘q edi, unga o‘tirib haydab ketdim. Shahar aylanib, Uchtepa tumanidagi “moyka”ning oldiga borib, to‘xtab turganimda YPX xodimlari mashinasida kelib ushlashdi. Qilgan ishimdan afsusdaman”, deydi avtomobilni olib qochgan shaxs.
Mashinamni qulflamasdan, kalitni ichida qoldirib, bir joyga kirib ketdim. Ishimni bitirib qaytib chiqsam, mashinam yo‘q. O‘zimcha kimdir men bilan hazillashgisi kelibdi, deb o‘yladim. Keyin 102 ga qo‘ng‘iroq qildim. 10 daqiqada mashinamni topib berishdi. Hurmatli hamshaharlar, hushyor bo‘lamiz, mashinangizni umuman ochiq qoldirmang, deydi Shukrullo Isroilov.
Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi.
Sudda qiziqchining o‘g‘li sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan. Sud hukmi bilan aybdor 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)