Samarqand va Toshkentda fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Samarqandda “S.S” MCHJ taʼsischisi O.O‘. va ish boshqaruvchisi S.R. internetda xorijiy davlatlarga ishga yuborishlari haqida eʼlon bergan. U 6 nafar fuqaroni Germaniya va Angliyaga ishga yuborish evaziga, ularning jami 12 700 dollarini qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, Uchtepa tumanida fuqaro E.M. fuqaro I.S. va uning 4 nafar tanishlarini 12 ming dollar evaziga Germaniyaga borishi uchun viza olib berishini aytgan. Shundan 6 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlar o‘tkazilmoqda.
Noqonuniy tarzda xorijga ishga yuborish
Davlat xavfsizlik xizmati Buyuk Britaniyaga ishga yuborish uchun to‘rt kishidan 12 ming dollar olgan shaxs ushlangani haqida xabar bergandi.
Shu kabi holat Toshkent shahrida ham kuzatilgandi. 3 nafar fuqaroni tanishlari yordamida Buyuk Britaniyaga ishga yuborishi va viza olib berishi evaziga 12 000 AQSH dollar olgan fuqaro qo‘lga tushgandi.
Bundan avval Toshkentda fuqaroni Yaponiyaga ishga jo‘natish evaziga 7,4 ming dollar olgan shaxs, Samarqandda to‘rt kishini Polshaga ishga yuborishi evaziga jami 10 700 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Samarqand, Jizzax va Toshkentda fuqarolarni xorijga ishga yuborishni vaʼda qilgan shaxslar ushlangandi.
Prezidentning “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra 2024-yil 1-noyabrdan xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan ish o‘rinlari haqidagi barcha maʼlumotlar Migratsiya agentligining elektron platformasi, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq eʼlon qilib boriladi.
Xorijdan ishga takliflar:
- Maosh 2,5 ming dollar: Hyundai kompaniyasi o‘zbekistonliklarni ishga oladi
- Maosh soatiga salkam 13 yevro: o‘zbekistonliklar Germaniyaga ishga taklif qilinmoqda
- O‘zbekistonliklar Polshaga ishga taklif qilinmoqda
Bundan avval Litva korxonalari bilan 200 nafar O‘zbekiston fuqarosini ishga joylashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgandi. Shuningdek, o‘zbekistonliklar Yaponiyaga logistika, aeroport xizmati va yuk tashish yo‘nalishlarida ishga yuborilishi aytilgandi.
O‘zbekistonda 2018—2023-yillarda aholi daromadining 16 foizi migrantlar ulushiga to‘g‘ri kelgan. Chet ellarda ishlayotgan yurtdoshlar har yili O‘zbekistonga o‘n ikki-o‘n besh milliard dollar jo‘natadi.
Prezidentning “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-noyabrdan:
- xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan ish o‘rinlari haqidagi barcha maʼlumotlar Migratsiya agentligining elektron platformasi, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq eʼlon qilib boriladi;
- Agentlikning elektron platformasida fuqarolarga o‘zining rezyumesini shakllantirish va joylashtirish hamda eʼlon qilingan ish o‘rinlari bo‘yicha tanlovlarda erkin ishtirok etish imkoniyati yaratiladi;
- vaqtincha mehnat faoliyatiga chiqib ketayotgan fuqarolarga Migratsiya jamg‘armasi hisobidan 10 million so‘mgacha ikki yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi;
- fuqarolarning xorijda ishga joylashishi va “ishchi viza”ga oid hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha bepul konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi.
2024-yil 1-dekabrdan agentlik tomonidan taʼlim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar joylashtirish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablag‘lar miqdori BHMning 8500 baravaridan 4000 baravarigacha tushiriladi.
Izoh (0)