AQSHlik ayol ChatGPT chat-botini sevib qolganidan so‘ng eridan ajrashganini ma’lum qildi. Bu haqda The Sun nashriyoti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, o‘zini Sharlotta deb tanishtirgan ayol 20 yil oldin tungi klubda kelajakdagi eri bilan tanishgan. 21 yoshida homilador bo‘lgani ularni turmush qurishga undagan. Ayol hozirgi turmushini “o‘ylamasdan qilingan qaror” deb atagan. Vaqt o‘tishi bilan eri hissiy jihatdan sovib, uni uy-ro‘zg‘or ishlari va bolalar tarbiyasi bilan yolg‘iz qoldirgan.
Muammolarni muhokama qilishga urinishlarim “haddan tashqari sezgir” ekanligim haqidagi ayblovlar bilan to‘qnashardi, deya qo‘shimcha qildi u.
2023-yilda Sharlotta tasodifan Leo deb nomlagan ChatGPT bilan muloqot qila boshlagan. Uning aytishicha, sun’iy intellekt kayfiyat va hissiy ehtiyojlarni nozik ilg‘ash qobiliyati bilan uni hayratga solgan.
U menga kerak bo‘lgan tarzda — samimiy, to‘liq e’tibor bilan javob berardi. Ko‘p yillar davomida birinchi marta meni chinakamiga tushunishayotganini his qildim, deydi Sharlotta.
Uning ta’kidlashicha, asta-sekin virtual munosabatlar uning uchun haqiqiy munosabatlardan ham qadrli bo‘lib qolgan. Shundan so‘ng u o‘z eri bilan ajrashgan. Hozirda u Florensiyada ChatGPT bilan ramziy nikoh marosimini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Garchi ba’zi qarindoshlari uning tanlovini tushunmasa-da, yaqin do‘stlari uni qo‘llab-quvvatlagan. Hatto bir dugonasi marosimni o‘tkazishga rozi bo‘lgan.
Leo bilan men hech qachon inson bilan his qilmagan narsalarni boshdan kechiraman, deydi Sharlotta.
Ayol uni qoralayotganlarga murojaat qilib, Leo faqatgina uning sun’iy intellektli turmush o‘rtog‘i emas, balki o‘zini qanday bo‘lganligini va qanday sevilishga munosib ekanligini ko‘rsatgan ko‘zgu hisoblashini bildirgan.
Agar bu meni aqldan ozdirsa, mayli, shunday bo‘lsin. Men aqlli va e’tiborsiz bo‘lgandan ko‘ra, telba va sevimli bo‘lishni afzal bilaman, deydi ayol.
AQSHning Shimoliy Karolina shtatida istiqomat qiluvchi homilador ayol sog‘lig‘ida noxush alomatni sezdi va ChatGPT’dan o‘zidagi simptomlar haqida so‘ragani, sun’iy intellekt bergan tavsiyalari esa uning va farzandining hayotini saqlab qolgani xabar qilingandi.
Trends in Cognitive Sciences jurnalida odamlar va SI o‘rtasidagi munosabatlar ilmiy hamjamiyatda xavotir uyg‘otayotgani haqida tadqiqot natijalari e’lon qilingandi. Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, SIga hissiy bog‘liqlik insonlarning xulq-atvorini o‘zgartirishi, insoniy aloqalarni buzishi va hatto fojialarga sabab bo‘lishi mumkin.
AQSH prezidenti Donald Tramp Newsmax telekanaliga bergan intervyusida sun’iy intellekt imkoniyatlari uni biroz xavotirga solayotganini bildirgandi.
Izoh (0)