Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mart oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlar tahlilini taqdim etdi.

Maʼlum qilinishicha, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik ketma-ket ikkinchi oy pasayishda davom etmoqda. Mart oyida bitimlar hajmi 8,8 foizga kamayib, 20,4 mingtani tashkil etdi.
Shunga qaramay, bozor yillik ko‘rsatkichlarda barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda – mart oyida tuzilgan bitimlar soni 2024-yilning mos davriga nisbatan 15 foizga oshdi. 2025-yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, bitimlar umumiy soni 68,4 mingtaga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 10,8 foizga o‘sdi.

Hududiy dinamika
Faollikning eng sezilarli o‘sishi Jizzax (34 foiz) va Navoiy (29 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, 2021-yilda tizimli kuzatuvlar boshlanganidan buyon birinchi marta, birinchi chorak yakuniga ko‘ra, biron bir hududda savdo hajmining pasayishi qayd etilmadi.
Ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari
Mart oyida mamlakatda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi fevral oyi darajasida qoldi. Yillik hisobda respublikada bir kvadrat metr uy-joy narxi 0,9 foizga oshdi. Hududlar kesimida eng sezilarli o‘sish Jizzax (12,3 foiz), Surxondaryo (10,7 foiz) va Qashqadaryo (8,5 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat
Mart oyida Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozorida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 0,6 foizga, birlamchi bozor narxlari esa 0,4 foizga kamaygan.
O‘tgan yilning mart oyiga nisbatan ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 5,7 foizga kamaygan bo‘lsa, birlamchi uy-joy segmentida pasayish 3,7 foizni tashkil etdi.
Yillik hisobda Toshkent shahri bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxida eng katta pasayish Mirobod (8 foiz), Chilonzor (8,7 foiz) va Yashnobod (7,5 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Yangi uylar narxlarida ham pasayish kuzatildi. Yil davomida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narxlarda eng sezilarli pasayish Shayxontohur (14,7 foiz), Uchtepa (11 foiz) va Yunusobod (6,7 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Uy-joy ijara bozori
Mart oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida o‘zgarish kuzatilmadi va o‘rtacha ijara narxi 8 dollarni (bir kvadrat metr uchun) tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi yillik hisobda 7,4 foizga pasaygan. Narxlarning eng katta pasayishi Mirzo-Ulug‘bek, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida qayd etilib, pasayish surʼati o‘rtacha 10 foizga yetadi.
O‘zbekistonda uy-joy bozori
Avvalroq Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari respublikada uy-joy va ipoteka bozoridagi faollik darajasini tahlil qilgandi. Unga ko‘ra, 2024-yilning III choragida O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi. Xususan, iyul-sentyabr oylarida ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar oldi-sotdisi uchun 41 861 ta shartnoma rasmiylashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davridagiga nisbatan 3362 taga (7,4 foizga) kam.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, oktyabr oyida ko‘chmas mulk bozorining hududlar kesimidagi dinamikasi Toshkent viloyatida (+10 foiz) sezilarli o‘sdi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+8,1 foiz) va Jizzax viloyatida (+7,5 foiz) ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatdi.
Tahlillar tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari va aholi tasarrufidagi daromadlar uy-joy bozoriga taʼsir etuvchi muhim omillar ekanligini ko‘rsatdi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-noyabrdagi qarori bilan uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar ajratish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Qaror bilan subsidiyalar bilan qoplanadigan foiz to‘lovlari miqdoriga ham o‘zgartirish kiritildi. Endilikda yangi kreditlar uchun yillik 12 foizdan yuqori qismi, 2025-yildan boshlab esa Markaziy bankning asosiy stavkasidan ortiq qismi qoplanadi.
Boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan besh ish kuni ichida to‘lanadi.
Izoh (0)