O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 68 ta xorijiy kompaniya tomonidan 2025-yilning I choragida 36,2 mlrd so‘m soliq to‘langan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p. To‘langan soliqlarning 94,5 foizi elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi quyidagi 10 ta xorijiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Uch oyda Apple kompaniyasi 88,6 mlrd so‘m ishlab topgan. O‘z navbatida, kompaniya 10,6 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
Keyingi o‘rinni esa Meta kompaniyasi egallagan. Ushbu kompaniya 87 mlrd so‘m ishlab topgan bo‘lsa, 10,5 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Google esa 8,9 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Kompaniya I chorakda 80,8 mlrd so‘m ishlagan.
Kuchli to‘rtlikdan esa sunʼiy intellekt kompaniyasi – OpenAI egallagan. Kompaniya 9,1 mlrd so‘m ishlab topgan bo‘lsa, 1,1 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
Keyingi oltita o‘rin esa quyidagicha (to‘langan soliqlar hisobida):
- TikTok - 934,8 mln so‘m;
- Booking.com - 542,7 mln so‘m;
- Netflix - 467,6 mln so‘m;
- Zoom - 432,6 mln so‘m;
- Acca - 427 mln so‘m;
- Xsolla - 235,6 mln so‘m.
Maʼlumot uchun, elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslari o‘tgan chorakdan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay soliq hisobotlarini taqdim etadi va soliqlarni to‘laydi.
O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 63 ta xorijiy kompaniya tomonidan 2024-yilda 115,8 mlrd so‘m soliq to‘langani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)