Afg‘oniston oltin bozorlarida bir gramm arab oltinining narxi 100 AQSH dollariga yetdi. “Daryo” muxbiri Mozori Sharifdagi qator tilla sotuvchilar va xaridorlar bilan suhbatlashdi.
Mozori Sharifdagi aholi vakillari iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli to‘y va unashtirish marosimlari uchun oltin sotib olishga qurbi yetmayotganini ma’lum qilgan. Aholi mamlakat bozorlarida oltin narxi pasayishiga umid bildirmoqda.
Mozori Sharifda istiqomat qiluvchi Din Muhammad ismli yigit “Daryo” muxbiri bilan suhbatda oltin narxi avvalgiga qaraganda ancha qimmatlashganini aytgan.
“To‘y qilayotganimiz uchun bugun oltin bozoriga keldim, o‘tgan kunlar bilan solishtirganda bugun o‘zgarishlar katta, oltin narxi keskin oshgan, menda iqtisodiy muammolar bor, odamlarda ham pul kam, oltin sotib olish juda qiyin”, deydi Din Muhammad.
Mozori Sharifning yana bir fuqarosi Nur Muhammadning aytishicha, Kuvayt oltini deb ataladigan arab oltinlari ham narxi misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarilgan. “Odamlar qimmat narxga oltin sotib ololmaydilar umid qilamanki, oltin narxi pasayadi”, dedi Nur Muhammad.
Oltin sotuvchilar ham mamlakat bozorlarida oltin narxining oshishi tufayli savdo bozori zaiflashganidan shikoyat qilmoqda.
Mozori Sharifda oltin sotuvchi La’l Muhammad jahon bozorida oltin narxining oshib borayotgani oltin oluvchilar sonining kamaygani va odamlar oltinni sotib olishdan ko‘ra ko‘proq sotishga qiziqayotganini aytdi.
La’l Muhammadning so‘zlariga ko‘ra, oltin xaridorlarning aksariyati ayollardir, so‘nggi paytlarda ayollar sotib olish o‘rniga, o‘zlariga tegishli bo‘lgan oltin taqinchoqlarni sotishmoqda.
Mozori Sharifdagi oltin sotuvchilar oltin narxining oshishini dunyodagi turli siyosiy va tijorat omillari, jumladan, Xitoy va AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy taranglik bilan izohlamoqda. Oltin sotuvchilarning fikricha, Afg‘oniston bozorlarida oltin narxining o‘zgarishi uning jahon bozorlaridagi narxining o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Mozori Sharifdagi oltin sotuvchilar so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Mozori Sharif bozorlarida 18 karatli oltinning 1 grammi 6 ming 300 afg‘onidan, 21 karat oltinning 1 bir grammi 7 ming 300 afg‘onidan, Eron oltini esa 4 ming 400 afg‘onidan sotilmoqda.
Izoh (0)