Times gazetasi va YouGov kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, aksariyat amerikaliklar AQSH prezidenti Donald Trampning iqtisodiy siyosatini salbiy baholamoqda.

So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning atigi 27 foizi Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan bojlar ularning farovonligini oshiradi deb hisoblaydi va faqat 16 foizi bojlarni oshirish kerak deb o‘ylaydi. Trampning ikkinchi muddatidan buyon yo‘l qo‘ygan eng katta xatosi haqidagi savolga javob berar ekan, respondentlarning 25 foizi bojlar joriy etilishini tilga olishgan.
Bundan tashqari, respondentlarning atigi 11 foizi Tramp Oq uyga kelganidan keyin farovonligi yaxshilanganini aytgan. Shu bilan birga, 23 foizdan ko‘pi iqtisodiyotning holatini “a’lo” yoki “yaxshi” deb baholagan. Amerikaliklarning uchdan bir qismidan kamrog‘i bir yildan so‘ng farovonligi yaxshilanishini kutmoqda.
Ayni paytda eng muhim muammolar qatorida respondentlarning 25 foizi inflyatsiyani, 15 foizi mehnat bozori holatini qayd etgan. Keyingi o‘rinlarda demokratiya holati (13 foiz), migratsiya (9 foiz) va soliqlar (9 foiz) keltirilgan.
Umuman olganda, respondentlarning 39 foizi Tramp faoliyatini ijobiy, 51 foizi esa salbiy baholagan.
So‘rov 21-23-aprel kunlari 1296 nafar amerikalik o‘rtasida o‘tkazilgan. So‘rovnomaning statistik xatoligi 3,1 foiz punktni tashkil etadi.
Yakshanba kuni bir qator telekanallar, shuningdek, Washington Post va New York Times gazetalari so‘rovnomalarni e’lon qildi. Ularga ko‘ra, bojlar joriy etilishi fonida Trampning reytingi pasaygan. Xususan, Washington Post - ABC News - Ipsos so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning 55 foizi uning ishini ma’qullamaydi. Bu 1945-yildan beri prezidentlik muddatining dastlabki 100 kunida prezidentlar orasida rekord darajadagi past ko‘rsatkichdir. New York Times va Siena kolleji o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra esa Trampni ma’qullash reytingi 42 foizni tashkil etgan.
Tramp bunga javoban Amerika OAVlarini tanqid qilib, jamoatchilik fikri so‘rovlarida firibgarlik qilishda aybladi va mamlakatda erkin va halol matbuot qolmaganini ta’kidladi.
Izoh (0)