Mazkur seriallarda yolg‘on, xiyonat va ruhiy o‘yinlar shunchalik avj oladiki, vaqt qanday o‘tganini sezmay qolasiz: bir qism ikkinchisi bilan almashinaveradi, ekrandan ko‘z uzolmaysiz.
“Katta-kichik yolg‘on”
- Mamlakat: AQSH
- Janr: detektiv, drama, jinoyat
- Yil: 2017-2019
“Mukammal hayot bo‘lmaydi. Doim nimadir yuz beradi”
Ajoyib serial, unda barchasi mujassam: qiziqarli syujet, go‘zal tasvirlar, mashhur aktyorlar (Nikol Kidman, Riz Uizerspun, Zoi Kravits). Quyoshli Kaliforniyadagi qahramonlarning go‘zal hayoti aslida zaharli munosabatlar, xavfli sirlar va qotillik yashiringan sarobdan iborat. Tomoshabin 14 qismni nafaqat hayajon bilan, balki estetik zavq bilan ham tomosha qiladi.
“Doktor Foster”
- Mamlakat: Buyuk Britaniya
- Janr: triller, drama, detektiv, sarguzasht
- Yil: 2015—2017
“Biz sevgimiz tufayli yolg‘on gapiramiz”
Shifokor rafiqa, ideal er, sevimli o‘g‘il — bularning barchasi bir lahzada, ayol turmush o‘rtog‘ining sharfidan oq soch topib olganida barbod bo‘ladi. To‘satdan uning butun hayoti yolg‘ondan iborat ekanligi ma’lum bo‘ladi. Doktor Foster bilan birga shok holatidan mukammal rejalashtirilgan qasosga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tasiz.
“Rostini aytganda”
- Mamlakat: AQSH
- Janr: triller, drama, kriminal, detektiv
- Yil: 2019—2023
Filmda xiyonatlar haqida gap bo‘lmaydi, lekin haqiqiy jinoyat bo‘y ko‘rsatadi. Jurnalist va podkastlar muallifi Poppi Parnell o‘zini bir paytlar mashhur qilgan eski shov-shuvli ishiga qaytadi. Biroq u qanchalik chuqurroq tekshirsa, shunchalik ko‘p shubhaga tushadi: rostdan ham hamma narsa u o‘ylaganiday bo‘lganmidi?
“Oq nilufar”
- Mamlakat: AQSH
- Janr: drama, komediya
- Yil: 2021 — ...
“Go‘zalliksiz dunyo men yashashni istagan dunyo emas”
Bu serialni tanlovimizga kiritmasdan iloji yo‘q edi, chunki aynan u hozirda HBO ijodining cho‘qqisida turibdi. Hashamatli mehmonxonadagi fitna va qotilliklar. Bu jannatmonand kurortdagi har bir juftlik o‘zi bilan bir dunyo sir olib kelgan: xiyonat, gina-kudurat, soxtalik, hasad. Oppoq choyshablar, ummon va shampan vinosi fonida hatto tasavvur ham qilolmaydigan haqiqat yuzaga qalqib chiqadi.
“Edemga qaytish”
- Mamlakat: Avstraliya, AQSh
- Janr: triller, drama, melodrama
- Yil: 1983
“Hech kim millionerlardek astoydil savdolashmaydi”
Zamonaviy transformatsiya, qo‘shaloq hayot va ayollar qasosi haqidagi ko‘plab dramalarga asos bo‘lgan Avstraliya klassikasi. Stefani Xarperning hamma narsasi bor edi: jozibali tashqi ko‘rinish, pul va chiroyli eri. Lekin u eri uni o‘ldirmoqchi ekanini bilgunga qadar shunday edi. Mo‘jiza tufayli omon qolganidan so‘ng u yangi qiyofada va yagona maqsad bilan qasos olish uchun qaytadi.
Izoh (0)