Gollivud filmlari yulduzi Anjelina Jolining sobiq turmush o‘rtog‘i Bred Pittdan olti nafar farzandibor: 23 yoshli Meddoks, 21 yoshli Paks, 20 yoshli Zaxara, 18 yoshli Shaylo va 16 yoshli egizaklar Noks hamda Vivyen bor. Uch nafar to‘ng‘ich bolalarini Joli va Pitt asrab olishgan, kichiklari esa biologik farzandlari.

Endi esa ular ulg‘ayib, mustaqil hayot sari yo‘l olishmoqda. Yaqinda aktrisa o‘g‘illaridan biri o‘zining Nyu Yorkdagi kvartirasiga ko‘chib o‘tganini aytdi. Noks hali voyaga yetmagan, Paksni esa tez-tez Los Anjelesda ko‘rishadi, shuning uchun alohida yashashni tanlagan farzand Meddoks bo‘lishi ehtimoli yuqori. Bu hashamatli kvartira hozirda uning boshqa farzandlari uchun ham Nyu Yorkka kelganlarida vaqtincha boshpana xizmatini o‘tamoqda.
Yaqinda aktrisa o‘g‘lini ko‘rishga borishni istagan, biroq u avval xonani tozalab olish uchun bir kun vaqt kerakligini aytib, onasini uyga taklif etmagan. Jolining tanishlaridan biri bu holat uni juda ranjitganini aytgan:
“Anjelinaga bu juda og‘riqli bo‘ldi, o‘g‘lining onasi bilan ko‘rishishni istamaganini bilish uning yuragiga sanchilgan pichoqdek ta’sir qildi. Bu holat endilikda farzandlari hayotining markazida emasligini Joliga yana bir bor eslatib qo‘ydi,” deyiladi manbada.

“Oskar” mukofoti sohibasi bo‘lgan aktrisa tez orada farzandlari uning Kaliforniyadagi uyini tark etishini anglamoqda. Yolg‘iz qolish qo‘rquvi uni ruhiy charchoq holatiga olib kelgan. “Malefisenta” filmi yulduzi barcha farzandlari bilan birga bo‘lish uchun Nyu Yorkka ko‘chib o‘tishga tayyor, biroq Bred Pitt bilan tuzilgan vasiylik shartnomasiga ko‘ra, hozircha ular Los Anjelesdan chiqib keta olmaydi.
“Agar imkoni bo‘lsa, Anjelina barcha bolalarini olib, Nyu Yorkka ko‘chib o‘tar va ular uchun kengroq uy topgan bo‘lar edi. Ammo buning uchun egizaklar Noks va Vivyen 18 yoshga to‘lishini kutish kerak. Shu sababli aktrisa o‘zini juda yolg‘iz his qilmoqda,” dedi insayder.
“Bolalar ulg‘aydi, mustaqil bo‘lishdi, ayrimlari alohida chiqib ketdi, boshqalari esa ketish arafasida. Anjelina esa bunga mutlaqo tayyor emas. Ular tobora vaqtni undan uzoqda o‘tkazishmoqda va Joli yolg‘iz qolmoqda”, deb yozadi Radar Online nashri.
Anjelina 2016-yilda Bred bilan ajrashganidan beri boshqa hech kim bilan munosabat o‘rnatmagan. Og‘ir ajrim jarayoni to‘liq hal etilishiga sakkiz yil ketdi. “Yangi hayot boshlash o‘rniga Anjelina barcha e’tiborini faqat bolalariga qaratdi. Endi esa u bolalariga kerak bo‘lmay qolganida, aktrisa nima qilishni bilmay qoldi,” deb yozadi insayderlar.
Izoh (0)