Falastinning HAMAS guruhi G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatishga, barcha garovga olinganlarni ozod qilishga va Isroil bilan besh yillik sulh tuzishga tayyor. Bu haqda guruh vakiliga tayanib, BBC xabar berdi.

HAMAS delegatsiyasi Misr vositachiligi ostida 18 oydan beri davom etayotgan urushni tugatish yo‘llarini muhokama qilish uchun Qohiraga yetib keldi. Uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha “yangi g‘oyalar” ko‘rib chiqiladi. Biroq Isroil tomoni talab qilayotgan HAMAS qurol-yarog‘larini topshirish masalasi muhokama qilinmaydi.
HAMAS rasmiysi guruh “bir martalik mahbuslar almashinuvi va besh yillik sulhga” tayyor ekanini ta’kidlagan. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar Isroilning 10 nafar tirik garovga olinganlarni qaytarish evaziga 45 kunlik sulh taklif qilgani ortidan boshlandi. HAMAS bu taklifni “qisman” deb rad etdi va o‘rniga urushni to‘liq to‘xtatishni nazarda tutuvchi “keng qamrovli” kelishuv taklif qildi.
Besh yillik sulh tashabbusi Qatar va Misr vositachilari tomonidan ilgari surilgan. Ammo HAMASni qurolsizlantirish va urushdan keyingi G‘azo sektorining kelajagi borasidagi masalalar hali ham ochiq qolmoqda.
HAMAS sulh shartlari sifatida urushni to‘liq to‘xtatishni, Isroil qo‘shinlarining G‘azodan to‘liq chiqib ketishini va qamaldagi sektorga gumanitar yordam hajmini oshirishni talab qilmoqda.
Isroil esa 2023-yil oktyabr oyidagi hujumlar chog‘ida garovga olingan barcha fuqarolarni ozod qilish va HAMASni qurolsizlantirishni ilgari surgan.
G‘azoda tinchlik muzokaralari urush soyasida qolmoqda
Ikki oy davom etgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan keyin 18-martga o‘tar kechasi Isroil G‘azoga aviazarbalar berishni tikladi. HAMAS nishonga olinishi aytilgan hujumlarda 400 dan ortiq odam halok bo‘ldi, ularning aksariyati bolalar va ayollar hisoblanadi. Bundan tashqari, 560 dan ortiq kishi jarohatlandi. Hujumni qayta tiklash buyrug‘i Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Isroil Kats tomonidan berilgan.
Ular o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish bo‘yicha muzokaralarda oldinga siljish yo‘qligiga javoban shunday qaror qabul qilganini aytgan. Netanyaxu aybni to‘g‘ridan to‘g‘ri HAMASga yuklagan.
Kelishuvning ikkinchi bosqichi Isroildan o‘z kuchlarini G‘azodan olib chiqishni talab qilardi. Hatto 19-yanvarda kuchga kirgan va Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklar evaziga garovdagilar ozod etilgan birinchi bosqichda ham Isroil G‘azoda 150 dan ortiq falastinlikni o‘ldirdi.
Isroil bosh vaziri G‘azodagi “barcha kutilmagan qurbonlar” uchun HAMAS javobgar ekanini da’vo qilgan. U G‘azoda yuzlab odam o‘limiga sabab bo‘lgan hujumlar “faqat boshlanishi” ekanini ta’kidlagan.
Izoh (0)