Dubayga keladigan barcha sayyohlar o‘z salomatligi haqida ishonchli ma’lumot taqdim etishi shart bo‘ladi. Amirlik aholisi va mehmonlarining salomatligini himoya qilishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Bu haqda Gulf News xabar berdi.

Yangi qonunga ko‘ra, amirlikka kelayotgan har bir shaxs tasdiqlangan sanitariya protokollariga qat’iy rioya qilishi va sog‘lig‘i haqida ishonchli ma’lumot taqdim etishi shart. Yuqumli kasallik bilan kasallangan yoki uni yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarga alohida e’tibor qaratiladi.
Sayyohlar yuqumli kasallik alomatlari paydo bo‘lganda darhol xabar berishi, niqob taqishi va ijtimoiy masofani saqlashi shart. Qonunda tibbiyot muassasalari va aholi uchun ham qat’iy majburiyatlar belgilangan.
Yuqumli kasallikka chalingan yoki shubha qilinganlar kasallikni yashirishi, shuningdek, Dubay Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ruxsatisiz yashash joyini tark etishi qat’iyan man etiladi. Ular boshqa odamlar bilan kontaktga kirishidan qochishi, tibbiyot xodimlari va vakolatli organlarning ko‘rsatmalariga amal qilishi shart.
“Dubayda jamoat salomatligi to‘g‘risida”gi 5-sonli qonun BAA vitse-prezidenti, bosh vaziri va Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Al Maqtum tomonidan imzolangan.
Qonun “Rasmiy axborotnoma”da e’lon qilingan kundan 90 kun o‘tib kuchga kiradi. U ilgari qabul qilingan va unga zid bo‘lgan barcha normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qiladi. Qonunni amalga oshirishda davlat va xususiy sektorlar o‘rtasida faol hamkorlik talab etiladi.
Izoh (0)