O‘zbekiston Superligasi 7-turidagi ikkita uchrashuv yakuniga yetdi. “Navbahor” o‘z maydonida “Buxoro”ni yirik hisobda mag‘lub etgan bo‘lsa, “Paxtakor” Toshkentda “Sho‘rtan”dan ustun keldi.

Namanganda kechgan bahs maydon egalarining ustunligida boshlandi. Bu 15-daqiqaga kelib hisobda ham aks etdi. Abbosjon G’ulomov “Buxoro” darvozasiga to‘p kiritib, “Navbahor”ning o‘yindagi ilk goliga mualliflik qildi. Birinchi taymning qolgan daqiqalarida darvozalar boshqa ishg‘ol qilinmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida namanganliklar o‘zining ikkinchi golini kiritdi. 46-daqiqada Zabihillo O‘rinboyevning uzatmasidan keyin Saidazamat Mirsaidov “Buxoro” darvozasini ishg‘ol qildi. 63-daqiqada Gilyerme Gedesh maydon egalarining navbatdagi golini kiritib, tablodagi natijani yirik ko‘rinishga keltirib qo‘ydi. Bahsning qolgan daqiqalari ham qizg‘in o‘tdi, ammo hisob boshqa o‘zgarmadi. Ushbu g‘alabadan keyin “Navbahor” hisobidagi ochkolar soni 11 taga yetdi hamda turnir jadvalida 5-o‘rindan joy oldi. “Buxoro” esa 6 ochko bilan autsayderlar qatorida ketmoqda.
Toshkentdagi uchrashuv taqdirini bitta gol hal qildi. 4-daqiqada Igor Sergeyev tezkor gol bilan “sherlar”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Mazkur gol bellashuv oxiriga qadar yagonaligini saqlab qoldi va Toshkent klubi ketma-ket ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Mazkur natijadan keyin “Paxtakor” hisobidagi ochkolar soni 9 taga yetdi hamda Superliga turnir jadvalida 6-o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Sho‘rtan” esa 1 ochko bilan oxirgi pog‘onadan joy olgan.
Superliga
7-tur
27-aprel, yakshanba
“Navbahor” — “Buxoro” 3:0
Gollar: 1:0 — Abbosjon G’ulomov (15), 2:0 — Saidazamat Mirsaidov (46), 3:0 — Gilyerme Gedesh (63).
“Paxtakor” — “Sho‘rtan” 1:0
Gol: 1:0 — Igor Sergeyev (4)
Izoh (0)