Isroil G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha HAMASga yangi taklif yubordi. Tegishli taklif misrlik vositachilar orqali yetkazildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

HAMASning yuqori martabali vakili taklifning kamida ikkitasi ular uchun nomaqbul ekanini allaqachon aytgan. Hozirda vositachilar HAMASdan rasmiy javob kutmoqda. Falastin guruhi o‘zining asosiy talabini yana bir bor ta’kidlagan. Unga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha har qanday kelishuv G‘azodagi urushga chek qo‘yishi va Isroil qo‘shinlarining sektordan to‘liq chiqib ketishini ta’minlashi kerak.
Biroq yangi taklif Isroilning jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatishini o‘z ichiga olmaydi. Bundan tashqari, Isroil birinchi marta muzokaralarning keyingi bosqichida HAMASni qurolsizlantirish talabini kiritgan. Falastin guruhi esa mazkur shartga rozi emas.
Yahudiy davlati ushbu taklifga rasman izoh bermagan. O‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar urush fonida olib borilmoqda.
G‘azoda tinchlik muzokaralari urush soyasida qolmoqda
Ikki oy davom etgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan keyin 18-martga o‘tar kechasi Isroil G‘azoga aviazarbalar berishni tikladi. HAMAS nishonga olinishi aytilgan hujumlarda 400 dan ortiq odam halok bo‘ldi, ularning aksariyati bolalar va ayollar hisoblanadi. Bundan tashqari, 560 dan ortiq kishi jarohatlandi. Hujumni qayta tiklash buyrug‘i Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Isroil Kats tomonidan berilgan.
Ular o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish bo‘yicha muzokaralarda oldinga siljish yo‘qligiga javoban shunday qaror qabul qilganini aytgan. Netanyaxu muzokaralarda oldinga siljish yo‘qligi uchun aybni to‘g‘ridan to‘g‘ri HAMASga yuklagan.
Kelishuvning ikkinchi bosqichi Isroildan o‘z kuchlarini G‘azodan olib chiqishni talab qilardi. Hatto 19-yanvarda kuchga kirgan va Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklar evaziga garovdagilar ozod etilgan birinchi bosqichda ham Isroil G‘azoda 150 dan ortiq falastinlikni o‘ldirdi.
Isroil bosh vaziri G‘azodagi “barcha kutilmagan qurbonlar” uchun HAMAS javobgar ekanini da’vo qilgan. U G‘azoda yuzlab odam o‘limiga sabab bo‘lgan hujumlar “faqat boshlanishi” ekanini ta’kidlagan.
Izoh (0)