Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu uning mamlakati G‘azo sektorida jangovar harakatlarni davom ettirishdan boshqa “tanlovi yo‘q”ligini aytdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Netanyaxuning ta’kidlashicha, urush barcha maqsadlar — HAMASni yo‘q qilish, barcha garovga olinganlarni ozod qilish va anklav kelajakda Isroilga tahdid solmasligi uchun sharoitlarni ta’minlash amalga oshirilgandagina tugaydi.
So‘nggi ikki kun ichida sektorga Isroil zarbalari oqibatida kamida 92 falastinlik halok bo‘lgan va 200 kishi yaralangan. HAMAS Isroilning G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi taklifini rad etgan. Taklif Isroilning jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatishini o‘z ichiga olmaydi. Bundan tashqari, Isroil birinchi marta muzokaralarning keyingi bosqichida HAMASni qurolsizlantirish talabini kiritgan. Falastin guruhi esa mazkur shartga rozi emas.
Netanyaxu o‘z vatanida nafaqat garovga olinganlarning oilalari va ularni qo‘llab-quvvatlovchilar, balki zaxiradagi va iste’foga chiqqan isroillik harbiylardan ham bosimni his qilmoqda. Jumladan, 19-aprel kuni Tel Avivda navbatdagi namoyish bo‘lib o‘tdi. Unda odamlar hukumatdan garovdagilarni imkon qadar tezroq ozod qilish va sulh tuzishni talab qildi.
18-mart kuni Qatаr, Misr va AQSH vositachiligida tuzilgan sulh Isroil tomonidan bekor qilindi. Isroilning hujumlari oqibatida G‘azoda halok bo‘lganlar soni 51 157 nafarga yetgan. Ularning uchdan ikki qismidan ko‘pi ayollar va bolalar ekani aytilmoqda. Hozirda HAMAS 59 nafar isroillik garovdagilarni ushlab turibdi, shundan 24 nafari tirik bo‘lishi mumkin.
Isroil G‘azoning butun hududida harbiy operatsiyani kuchaytirish va noma’lum muddatga katta “xavfsizlik zonalari”ni egallash qarorini e’lon qildi. HAMAS esa Isroil qo‘shinlarini hududdan olib chiqib ketishni talab qilmoqda.
Izoh (0)