Kanada hukumati G‘azo sektoriga oziq-ovqat sotib olish va boshqa gumanitar yordamlar yetkazib berish uchun BMTga 100 million Kanada dollari (72 million dollar) ajratadi.
Bu haqda mamlakat bosh vaziri Mark Karni ijtimoiy tarmoq orqali ma’lum qilgan.

“Kanada xalqaro huquqni himoya qiladi va yaqinda BMT va boshqa ishonchli xalqaro hamkorlarni G‘azoga oziq-ovqat va gumanitar yordam ko‘rsatishda qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 100 million Kanada dollariga yaqin mablag‘ ajratdi”, deb yozdi u.
Avvalroq Isroil G‘azoni to‘liq qamal qilgani tufayli anklavda oziq-ovqat tugab borayotgani haqida xabar berilgandi.
Mahalliy aholi va gumanitar tashkilotlarning ogohlantirishicha, falastinliklar uchun endi bombalar emas, ochlik asosiy xavfga aylangan.
Yahudiy davlati G‘azoda ochlik mavjudligini inkor qilib, insonparvarlik yordami go‘yoki HAMAS tomonidan o‘g‘irlanayotganini iddao qilgan.
“Isroil mudofaa kuchlari siyosiy rahbariyat ko‘rsatmalariga binoan harakat qilmoqda. Biz yordamni terror tashkilotlari qo‘liga topshirmaymiz”, deyiladi bayonotda.
HAMAS esa, o‘z navbatida, bu kabi da’volarni rad etib, Isroilni ochlik omilidan harbiy qurol sifatida foydalanishda ayblagan.
Izoh (0)