Sirdaryo daryosida 19–20-aprel kunlari noqonuniy baliq ovlash holatlariga qarshi maxsus nazorat tadbirlari amalga oshirildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Tadbir davomida daryodan umumiy uzunligi 1000 metrga yaqin bo‘lgan, noqonuniy tarzda o‘rnatilgan 20 ga yaqin leskali to‘rlar yig‘ib olindi. Ushbu to‘rlar belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.
Shuningdek, elektr qarmoqdan foydalangan holda baliq ovlagan 2 nafar huquqbuzar qo‘lga olindi. Ulardan ashyoviy dalil sifatida 1 dona alyuminiy qayiq, motor, 2 dona akkumulyator, elektr qarmoq va tegishli ov qurollari, shuningdek, turli xildagi 21 dona baliq daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.
Huquqbuzarlik natijasida tabiatga jami 368 mln 437 ming 500 so‘m zarar yetkazilgan.
Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.
Noqonuniy baliq ovlash
Aydar-Arnasoy ko‘llarida 2024-yili noqonuniy ov oqibatida tabiatga 1,7 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, Navoiyda noqonuniy baliq ovlagan shaxslar tabiatga 6,3 mlrd zarar yetkazgani haqida xabar berilgandi.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida noqonuniy baliq ovlanishi natijasida tabiatga 1,4 milliard so‘m zarar yetkazilgan edi.
O‘zbekiston hududida 2025-yil 1-sentyabrdan 2028-yil 1-yanvargacha ov qilishga moratoriy joriy qilinishi mumkinligi aytilgandi.
Izoh (0)