Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida noqonuniy baliq ovlanishi natijasida tabiatga 1,4 milliard so‘m zarar yetdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Viloyat Ekologiya boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan tumanda tezkor nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Tadbir davomida “Tamaddun” mahallasida yashovchi fuqarolar Q.Sh., I.Sh., X.B. va G‘.Sh. Tomonidan ushbu mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi qismida noqonuniy baliq ovlangani aniqlangan.
Huquqbuzarlar tomonidan 182 bosh kumush tovonbaliq (karas), 37 bosh orol moy balig‘i, 2 bosh Samarqand xramulyasi (tupak) baliqlari taqiqlangan usul — elektr qarmoq bilan ovlangan.
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasi talabini buzgan holda hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar hisob-kitob qilinganda 1 milliard 439 million 900 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi.
Holat yuzasidan huquqiy baho berish va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar summalarini undirish maqsadida barcha to‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Izoh (0)