AQSHning Denver shahridan Kanadaning Alberta provinsiyasiga uchayotgan Boeing 737 samolyotining dvigateli quyon sabab yonib ketdi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Hodisa 16-aprel kuni United Airlines aviakompaniyasiga tegishli UA2325 reysi bilan sodir bo‘lgan. Parvozdan oldin quyon samolyotning o‘ng dvigateliga kirib qolgan. Parvoz vaqtida bortda kuchli portlash va sezilarli darajada tebranish kuzatilgan. Shundan so‘ng dvigatelda yong‘in boshlangan.
Samolyot bortida 153 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Uchuvchilar 75 daqiqalik parvozdan so‘ng samolyotni favqulodda qo‘ndirishga majbur bo‘lgan. Nosozlik haqida aviakompaniyaga signal yuborilgan va yo‘lovchilarni manzilga yetkazish uchun boshqa samolyot tayyorlangan.
Hayvon qanday qilib dvigatel ichiga tushib qolgani aniq emas. AQSH Federal aviatsiya boshqarmasiga ko‘ra, 2024-yilda hayvonlar bilan bog‘liq 20 mingga yaqin holatdan atigi to‘rttasi quyonlarga to‘g‘ri kelgan.
AQSHda samolyotlar ishtirokidagi so‘nggi aviahodisalar:
5-yanvar Alyaska yarimorolida AQSHning F-35A qiruvchi samolyoti qulab tushdi. Uchuvchi katapulta qilishga ulgurdi va tirik qoldi.
30-yanvar kuni ertalab American Airlines yo‘lovchi samolyoti Vashington aeroporti yaqinida harbiy vertolyot bilan to‘qnashdi, so‘ngra Potomak daryosiga quladi. Oqibatda hech kim omon qolmadi, 5-fevral kuni aviahalokatda halok bo‘lgan barcha 67 kishining jasadi Vashingtondagi daryodan olib chiqildi.
1-fevral kuni AQSHning Filadelfiya shahrida aviahalokat yuz berdi: tez tibbiy yordam samolyoti turar joy hududiga qulab tushdi, uylar va avtomobillarga zarar yetdi.
7-fevral kuni bortida 10 kishi bo‘lgan samolyot Alyaskada g‘oyib bo‘ldi
11-fevralda esa Arizonadagi aeroportda ikkita samolyot to‘qnashib ketdi. Favqulodda vaziyat oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi jarohat oldi.
12-fevralda AQSH harbiy-dengiz kuchlarining samolyoti San Diego ko‘rfaziga qulab tushdi. Aviahalokat Nort Aylend harbiy aviabazasi yaqinida yuz bergan. Samolyot bortida ikki kishi bo‘lgan. Ularni baliq ovlash kemasi qutqarib qolgan.
19-fevral AQSHning Arizona shtati osmonida 19-fevral kuni kichik samolyotlar to‘qnashdi, oqibatda ikki kishi halok bo‘ldi. Har bir samolyot bortida ikkitadan odam bo‘lgan. To‘qnashuv Tuson shahri yaqinida sodir bo‘lgan. To‘qnashuvdan so‘ng Cessna 172 samolyoti xavfsiz qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq Lancair 360 MK II uchish-qo‘nish yo‘lagi yaqinida yerga qulab, yonib ketgan.
25-fevral Amerikaning Southwest Airlines aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti Chikagodagi Miduey xalqaro aeroportiga qo‘nish chog‘ida xususiy samolyot bilan to‘qnashishiga bir baxya qoldi. Yo‘lovchi samolyoti so‘nggi daqiqada havoga ko‘tarilishga majbur bo‘lgan.
10-aprel kuni Nyu York shtatida vertolyot Gudzon daryosiga qulab tushishi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. Vertolyot bortida uchuvchi va ispaniyalik sayyohlar oilasi bo‘lgan: ikki nafar katta yoshli va uch nafar bola. Halokat sabablari noma’lum.
Izoh (0)