BTS agentligi hali rasmiy e’lon qilmagan bo‘lsa-da, mish-mishlarga ko‘ra, boyz-bend “The Most Beautiful Moment in Life” antologiyasining 10 yilligini nishonlaydi, yangi albom yozadi va 2026-yilda jahon turnesiga chiqadi. Bugungi kunda BTS boshqa K-pop ijrochilarining jahon musiqa reytinglariga yo‘l ochgan Koreyaning milliy madaniy boyligi darajasiga ko‘tarilgan. Shu bois ularning sahnaga qaytishi sohada eng ko‘p muhokama qilinayotgan yangiliklar qatoriga kiradi.
Afsonaviy boyz-bendning qanday boshlangani, ularning o‘ziga xos uslubi nimadaligi haqida so‘z yuritamiz.
BTS guruhi kimlardan iborat?
BTS koreys tilida 방탄소년단 deb yoziladi, bu Bangtan Sonyeondan degan ma’noni anglatadi va “o‘qqa chidamli yigitlar” deb tarjima qilinadi. Shu sababli muxlislar ko‘pincha guruh a’zolarini “bantan” yoki erkalab “tannis” deb atashadi. 2013-yilda debyut qilganidan buyon guruh yetti nafar a’zodan iborat. Bular Jin, J-Hope, Shuga, Chimin, V, Chonguk va ularning sardori RM. BTSning har bir a’zosi o‘ziga xos iste’dod egasi: kimdir ajoyib qo‘shiq aytsa, kimdir mohirona raqs tushadi yoki rep ijro etadi.
♦RM, 30 yoshda. BTS guruhining yetakchisi asl ismi Kim Namjun. U avvallari Rap Monster sifatida tanilgan, biroq 2017-yilda o‘zining sahna taxallusini RM ga qisqartirgan. Namjun yoshligidanoq rep ijro etishni boshlagan va 2010-yilda BigHit Entertainment musiqa kompaniyasining e’tiborini tortgan edi.
Namjun o‘zining yuksak aql-zakovati bilan tanilgan: uning IQ darajasi 148 ballni tashkil etadi. U guruhda ingliz tilida erkin so‘zlasha oladigan yagona a’zo bo‘lib, bu tilni o‘smirligida “Do‘stlar” serialini tomosha qilish orqali o‘rgangan. U velosipedda sayr qilishni, galereya va muzeylarga tashrif buyurishni hamda san’at asarlarini to‘plashni yoqtiradi. Muxlislar hatto “Namjuning” atamasini o‘ylab topishgan — bu tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazish, san’atga mehr qo‘yish va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish ma’nosini anglatadi.
♦Jin, 32 yoshda. To‘liq ismi — Kim Sokjin. BTS’ning eng katta a’zosi, vokal guruhining bir qismi va asosiy vizuali. Dastlab Jin aktyorlikni o‘qigan va hayotini kino bilan bog‘lashni rejalashtirgan, ammo BigHit Entertainment xodimlari uni ko‘chada tasodifan ko‘rib qolishgan. Bundan oldin SM Entertainment agentligi ham uni ishga taklif qilishga uringan, lekin Jin buni hazil deb o‘ylagandi.
Jinni hazilkashligi va o‘z-o‘zini masxara qilishi tufayli BTSning eng quvnoq a’zosi deb atash mumkin. U katta gurman va Seuldagi Ossu Seriomushi yapon restoranining hammuassisi hisoblanadi. 2024-yilda pazandachilik mutaxassisi va The Born Korea kompaniyasi asoschisi Pek Chonvon bilan hamkorlikda IGIN an’anaviy alkogol brendini ishga tushirdi. U o‘zining ikkinchi sevimli mashg‘uloti — baliq ovlashga Super Tuna nomli yakkaxon qo‘shig‘ini bag‘ishladi.
♦Shuga, 32 yoshda. Asl ismi Min Yungi bo‘lib, u Agust D taxallusi ostida ham yakkaxon ijro etadi. Bu taxallus uning tug‘ilgan shahri Teguga ishora qiluvchi va Shuga taxallusining teskari o‘qilishidan hosil bo‘lgan anagrammadir.
Musiqachi Agust D ni o‘zining qat’iyroq alter-egosi deb hisoblaydi. BTS’ga qo‘shilishidan avval Yungi allaqachon Gloss taxallusi ostida reper sifatida tanilgan edi.
♦J-Hope, 31 yoshda. Haqiqiy ismi — Chon Xosok. Raqs yo‘nalishining yetakchisi va rep-laynning uchinchi a’zosi. BTS’dagi debyutidan oldin J-Hope Neuron nomli ko‘cha raqs guruhida faoliyat yuritgan.
2019-yilda amerikalik qo‘shiqchi Becky G bilan hamkorlikda Xosok “Chicken Noodle Soup” qo‘shig‘ini taqdim etdi, 2022-yilda esa “Jack in the Box” nomli to‘liq albomi bilan debyut qildi. Shu yili u Lollapalooza festivalida chiqish qildi va Amerikaning yirik musiqa festivalining asosiy ijrochilaridan biri sifatida sahna olgan birinchi koreyalik san’atkorga aylandi.
♦Chimin, 29 yoshda. To‘liq ismi — Pak Chimin. BTS’ning asosiy raqqoslaridan biri. U maktabdayoq raqs bilan shug‘ullana boshlagan.
2012-yilda xoreografiya o‘qituvchisi uni BigHit Entertainment’da tanlovdan o‘tishga ko‘ndirgan. Chimin BTS tarkibiga eng so‘nggi bo‘lib qo‘shilgan.
♦V, 29 yoshda. Asl ismi Kim Tehyon. U BTS’ga tasodifan qo‘shilgan: u do‘stini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zi tug‘ilgan shahar Tegudagi BigHit tingloviga borgan.
Menejerlar Tehyonga e’tibor qaratib, unga ham sinovdan o‘tishni taklif qilishgan. Natijada o‘sha kuni saralovdan o‘tgan yagona odam aynan Kim Tehyon bo‘lgan.
♦Chonguk, 27 yoshda. To‘liq ismi — Chon Chonguk. BTS’ning eng yosh a’zosi, guruhning asosiy vokalistlaridan biri va “Oltin makne” laqabiga ega. Bu laqabni u o‘zining mukammallikka intilishi va qo‘l urgan har bir ishda mohir bo‘lishi tufayli olgan.
2011-yilda, hali maktab o‘quvchisi paytida, Chonguk Koreyaning “Superstar K” iste’dodlar ko‘rsatuvida qatnashgan. Garchi u finalga chiqmagan bo‘lsa-da, bir nechta kelajakdagi yulduzlarni izlovchi agentliklar, shu jumladan, BigHit Entertainment ham yosh yigitga e’tibor qaratgan.
Hammasi nimadan boshlandi?
Bugun BTS eng mashhur koreys guruhi va bir paytlar sinish yoqasida turgan kamtarona BigHit Entertainment studiyasidan shakllangan nufuzli Hybe korporatsiyasining timsoliga aylangan. Guruhning ham, kompaniyaning ham yaratilishi ortida prodyuser va bastakor Ban Shi Hyok turadi.
2013-yil 13-iyunda BTS o‘zining birinchi “2 Cool 4 Skool” albomini “No More Dream” asosiy qo‘shig‘i bilan chiqardi. Dastlab Ban Sh Hyok BTSni hip-hop jamoasi sifatida tasavvur qilgani uchun birinchi albomlar dadil ohang va kayfiyatga ega edi. Guruh a’zolari darhol o‘z qobiliyatlarini namoyon etishdi va har biri qo‘shiqlar matni ustida ishladi. Bu esa kundalik ko‘p soatlik tinimsiz mashg‘ulotlardan tashqari ish edi.
Global yuksalish 2016—2018-yillarda yuz berdi. BTS musiqiy hikoya qilish san’atini mukammal o‘zlashtirib, Billboard tomonidan 2016-yilning eng yaxshi K-pop albomi deb tan olingan “Wings” albomini va ikkita keng qamrovli seriya — “The Most Beautiful Moment in Life” va “Love Yourself” trilogiyalarini chiqardi.
Guruh a’zolari o‘sib, shuhrati ortib bordi, ularni qiziqtirgan mavzular ham o‘zgardi. Vasvasaga qarshi kurash, o‘zlikni anglash, hayotda o‘z o‘rnini topish va muhabbatga — avvalo o‘z-o‘ziga bo‘lgan muhabbatga erishish kabi mavzular tinglovchilar qalbidan joy oldi. Har bir yangi chiqarilgan asar nafaqat reytinglarni zabt etib, rekordlar o‘rnatdi, balki tobora ko‘payib borayotgan muxlislar armiyasi uchun samimiy maktub vazifasini ham o‘tadi.
BTSning asosiy kuchi nimada?
Guruhning universal musiqasi va hayajonli chiqishlari. BTS doimiy ravishda yangiliklar yaratib kelmoqda. Ularning diskografiyasida EDM va R&B uslublaridagi isyonkor hip-hop, an’anaviy key-pop balladalari hamda “Dynamite” singari jo‘shqin xitlarga ham o‘rin topilgan. 2020-yilda ularning birinchi to‘liq ingliz tilidagi disko ohangidagi singli pandemiya tufayli noaniqlikka to‘la bo‘lgan musiqa sanoatini larzaga keltirdi.
“Dynamite” Billboard Hot 100 ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallab, har burchakda yangraydigan bo‘ldi. Albatta, buning salbiy tomoni ham bor. “Dynamite” va undan keyingi muvaffaqiyatli “Butter” qo‘shiqlarining chiqishi bilan BTS G‘arbga yo‘nalish oldi. Qo‘shiq matni soddalashib, musiqa ko‘proq Amerika bozori talablariga moslashtirildi. Ba’zi muxlislar hit-parad o‘rinlari uchun kurashib, guruh o‘ziga xosligini va milliy o‘zligini yo‘qotib qo‘yishidan xavotirlanmoqda.
BTS samimiy bo‘lishga intiladi. BTS musiqasi jasur, chin yurakdan chiqadigan fikrlar va his-tuyg‘ular bilan sug‘orilgan. Masalan, “MIC Drop” qo‘shig‘i ularning mashhurligiga bo‘lgan munosabati va tanqidchilarga javobi haqida. “I Need You” — yoshlikni ulug‘lovchi madhiya, unda BTS yoshlikdan barcha imkoniyatlarni ishga solishga undaydi. “Idol”da guruh a’zolari o‘zini sevishni va orzularga intilishni kuylasа, “Fake Love”da yolg‘onga qurilgan munosabatlarning xavfi haqida ogohlantiradi.
2014-yilda butun Koreyani Pyonpxundo oroli yaqinida “Sevol” paromining cho‘kishi larzaga soldi. Fojia oqibatida 304 kishi halok bo‘ldi, ularning 250 nafari maktab sayohatiga ketayotgan yuqori sinf o‘quvchilari edi. Falokat sabablari e’tiborsizlik va poraxo‘rlik bo‘lib chiqdi: ta’mirdan so‘ng parom qonunni chetlab o‘tib, noqonuniy ravishda litsenziya olgan edi.
BTS armiyadan qachon qaytadi? 2022-yilning yozida BTS a’zolarining armiyaga chaqiruvi yaqinlashayotgani sababli guruh faoliyatida tanaffus e’lon qildi. A’zolar yakkaxon loyihalar va jahon moda uylarining elchilari sifatida faoliyat yurita boshladi. Namjun Bottega Veneta, Yungi Valentino, Xosok Louis Vuitton, Chimin Dior va Tiffany & Co’ning global elchisiga, Texyon Celine va Cartier elchisiga, Chonguk esa Calvin Klein ning yuziga aylandi.
Yil oxirida birinchi bo‘lib 29 yoshli Jin harbiy xizmatga jo‘nab ketdi. Janubiy Koreyada 18 yoshdan 28 yoshgacha bo‘lgan barcha sog‘lom erkaklar 18 oydan 21 oygacha armiyada xizmat qilishi shart. Armiyadan to‘liq ozod qilish faqat Olimpiya o‘yinlari g‘oliblariga beriladi, biroq K-pop yulduzlari uchun respublika parlamenti 2020-yilda chaqiruv yoshining yuqori chegarasini 30 yoshgacha ko‘tardi. Bu o‘zgartirish “BTS qonuni” deb nom oldi.
Mart oyida, guruhning to‘liq tarkibda armiyadan qaytishidan bir necha oy oldin, uning BigHit Music nomli musiqiy markazi X ijtimoiy tarmog‘ida BTS bilan bog‘liq ikkita yangi loyihani — “7 Moments” va “Run BTS Poly Highlight Package”ni e’lon qildi. Bu loyihalar nimadan iborat bo‘lishi hozircha noma’lum. BigHit Music barcha tafsilotlarni sir saqlamoqda, biroq ularni keyinroq oshkor qilishni va’da bermoqda.
2022-yilgi “Gremmi” mukofoti marosimida Butter ijrosi. BTS — “Gremmi” mukofotiga nomzod bo‘lgan birinchi koreys guruhi. 64-marosim ularning josuslik filmlari uslubidagi “Butter” qo‘shig‘i ijrosi bilan esda qoldi.
V o‘z navbatini kutib, Oliviya Rodrigo bilan suhbatlashayotganda Chonguk shiftdan sahnaga tushdi. Yigitlar darhol qora kostyumlarini yaltiroq kiyimlarga almashtirdi, lazer shousi ko‘rsatildi va qo‘li bog‘langan Jin boshqaruv pultida o‘tirdi — jarohat tufayli u ijro oxirida qolganlarga qo‘shildi. BTS “Gremmi” haykalchasini olmagan bo‘lsa-da, ular yana o‘sha kechaning eng ko‘p muhokama qilingan yulduzlariga aylandi.
Izoh (0)