Arxeologlar Pasxa bayrami arafasida “So‘nggi kechki ovqat” o‘tkazilgan xonada bir qator noyob, ko‘p asrlik yozuvlarni topdi.

“So‘nggi kechki ovqat”, shuningdek, “Cenacle” nomi bilan ham tanilgan xona Quddusdagi Sion tog‘ida joylashgan. Xona XII asrda salibchilar tomonidan qurilgan bo‘lsa-da, ziyoratchilar bu joyga IV asrdayoq sig‘inishni boshlashgan.
Avstriya Fanlar akademiyasi 16-aprel kuni Isroil qadimiy yodgorliklar idorasi ko‘magida yangi kashfiyot e’lon qildi. Arxeologlar bunda graffitining 40 ga yaqin elementlarini, shu jumladan, beshta gerbni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Fox News xabar qilmoqda.

Yozuvlarning aksariyati o‘rta asrlarning oxirlariga tegishli.
Tadqiqotchilar bu joy o‘tmishda ko‘plab xalqaro sayyohlarni o‘ziga jalb qilganini va ularning bir qanchasi o‘z ona tillarida xabar qoldirganlarini kash etdilar.
Shuningdek, chayon rasmi ham topilgan. Bu rasmning yaralishi taxminan Sulton Sulaymon I Qonuniy 1523-yilda “Cenacle”ni zabt etib, uni masjidga aylantirgan davrga to‘g‘ri keladi.

Yozuvlar Serbiya, hozirgi Chexiya va Germaniya, shuningdek, Armaniston va Suriyadan kelgan ziyoratchilar tomonidan yozilgan. Biroq graffitilarning aksariyati arab tilida so‘zlashuvchi nasroniylar tomonidan qoldirilgan.
Topilgan tasvirlarning ajoyiblaridan biri qadah, lagan va Quddus bulochkasiga o‘xshash teshik kulcha rasmlaridir.
Tadqiqotchilar, shuningdek, “Rojdestvo 1300” deb yozilgan arman yozuvini, “ya al-Halabiya” deb yozilgan arab yozuvini ham topdi.

Ayollarga xos “ya” qo‘shimchasining ikki marta ishlatilishiga asoslanib, tadqiqotchilar bu Suriyaning Halab shahridan bo‘lgan nasroniy ziyoratchi ayolning graffitisi degan xulosaga kelishdi. Bu esa uni zamonaviy davrgacha bo‘lgan ayollar ziyoratining ilk namunasi, deyiladi bayonotda.
Tadqiqotchilar dastlab yozuvlarni laboratoriyada tahlil qilishdan oldin multispektral fotografiya va reflektorli transformatsion tasvirlash yordamida hujjatlashtirdilar. Keyin tahlilchilar yozuvlarni o‘qish mumkin bo‘lishi uchun ikki fotografik texnikani raqamli ravishda birlashtirishdi.
Press-relizda tarixchi Ilya Berkovichning aytishicha, yozuvlar jamlanganda ziyoratchilarning geografik kelib chiqishi haqida aniq tasavvur yaraladi.
Ma’lumot uchun, “So‘nggi kechki ovqat” Injildagi ma’lumotlarga ko‘ra, Iso Masih xochga mixlanishidan oldin Quddusdagi havoriylari bilan baham ko‘rgan oxirgi taomdir.
Izoh (0)