Kickstarter — ijodiy loyihalar uchun ommaviy moliyalash platformasida PixelMug P1 nomli yangi krujka loyihasi paydo bo‘ldi va belgilangan 12 882 dollar o‘rniga 82 ming dollardan ortiq mablag‘ to‘pladi. Bu haqda Hi-tech.mail.ru xabar bermoqda.

PixelMug startapiga ko‘ra, ushbu mahsulot sun’iy intellekt va piksel displeyga ega dunyodagi birinchi krujka hisoblanadi. Displey ichimlikning harorati, ob-havo ma’lumotlari va minio‘yinlarni aks ettirish uchun ishlatiladi.
Maxsus mobil ilova yordamida krujkaning ekrani istalgan fotoni ko‘rsatishi mumkin. Surat sun’iy intellekt yordamida piksel formatiga aylantiriladi. Shuningdek, krujkada rejalashtirilgan uchrashuvlar bo‘yicha eslatmalar, smartfonga kelgan turli SMS xabarlar va boshqa foydali ma’lumotlarni aks ettirishga mo‘ljallangan.
Gadjetning yana bir qiziqarli funksiyasi bu minio‘yinlarni o‘ynash imkoniyati bo‘lib, sensorli boshqaruv tizimi yordamida foydalanuvchilar istalgan joyda va vaqtda o‘yin o‘ynashlari mumkin.
Krujkaning o‘zi ikki qavatli va yuqori chidamli chinni texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, nafis va minimalistik dizaynga ega. IPX7 suvga chidamlilik standartiga ega va turli tozalovchi vositalar bilan osongina yuviladi. Uni hatto idish yuvish mashinasiga ham solish mumkin.

PixelMug P1 ning narxi 59 dollardan boshlanadi. Kickstarter platformasida sotuvlar 2025-yil may oyida boshlab yo‘lga qo‘yiladi.
Izoh (0)