Fuqarolik qurilmalarini qurolga aylantirishni taqiqlash jahon hamjamiyatidagi mamlakatlar uchun qoidaga aylanishi kerak. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Bosh assambleya 79-sessiyasining yuqori darajadagi haftaligi arafasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Men fuqarolik qurilmalarini qurolga aylantirmaslik kerak deb hisoblayman. Bu qoidaga barcha davlatlar amal qilishi kerak”, dedi u.
Kecha, 17-sentyabr kuni Livanda hamda Suriyaning ayrim hududlarida “Hizbulloh” harbiylari bir-biri bilan muloqot qilish uchun foydalanadigan o‘nlab qurilmalar bir vaqtning o‘zida portlab ketdi.
Mahalliy OAV maʼlumotlariga ko‘ra, peyjerlar portlashi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan va 4000 dan ortiq odam jarohat olgan. Ularning 400 nafari og‘ir ahvolda ekani ma’lum qilindi.
Bugun Livanda yana kommunikatsiya jihozlari portladi. Bu safar boshqa gadjetlar — uyali telefon, ratsiya va avtomobil radiolarida portlash sodir bo‘ldi.
“Portlashlar turar joy binolarida ham sodir bo‘ldi. Oqibatda 100 dan ortiq kishi jarohat oldi”, deb xabar bermoqda “Al-Adath” kanali.
Izoh (0)