O‘tgan hafta NATOning yopiq kechki ziyofatida Yevropa rahbarlari AQSH prezidenti Donald Trampni Rossiyaga nisbatan qat’iyroq pozitsiya egallashga chaqirdi. Bu haqda Chexiya prezidenti Petr Pavel CNN Prima NEWS’ga bergan suhbatida ma’lum qildi.

“Biz u bilan juda izchil tarzda gaplashdik, Rossiyaga iqtisodiy bosimni sezilarli darajada kuchaytirish vaqti kelganiga uni ishontirishga harakat qildik”, dedi Pavel.
Prezidentning aytishicha, bosimdan maqsad Rossiyani iqtisodiy jihatdan barbod qilish emas, balki Moskvani Ukraina bo‘yicha muzokaralarga qaytishga majbur qiladigan sharoit yaratishdir.
“U hozircha ehtiyotkor, ammo bu juda samarali vosita ekanligini tushunib turibdi”, deya qo‘shimcha qildi Chexiya rahbari.
Petr Pavelning ta’kidlashicha, Tramp kechki ziyofat paytida Xitoyga nisbatan qattiq savdo siyosatini eslatib o‘tgan va aynan yuqori bojlar Pekin pozitsiyasini o‘zgartirganini qayd etgan.
“Aynan shunday qat’iy yondashuv hozir ham zarur. Agar Xitoy ta’sirni bir oy ichida his qilgan bo‘lsa, Rossiya o‘z iqtisodiyoti bilan bir yoki ikki hafta ichida his qiladi”, dedi Pavel.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa nima uchun harbiy xarajatlarni keskin oshira olmayotganidan hayratda ekanini ham bildirgan.
“U nima uchun Yevropa kelgusi yildayoq mudofaaga yalpi ichki mahsulotning 5 foizini sarf qila olmasligidan hayron bo‘ldi. Ittifoqchilar tushuntirishicha, Yevropa sanoati hozirda bunday hajmdagi qurol-yaroqlarni ishlab chiqarishga jismonan tayyor emas”, dedi Petr Pavel.
Izoh (0)