Peru sudi mamlakatning sobiq prezidenti Martin Viskarrani pora olish ayblovi bo‘yicha 5 oyga qamoqqa olishga hukm qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sudya Xorxe Chaves 13-avgust kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Viskarrani qochib ketish xavfi borligini aytib, hibsga olish qarorini chiqargan. U 11 yil avval Mokuegua okrugi gubernatori bo‘lib ishlaganida pora olganlikda ayblanmoqda.
Viskarra ayblovlarni rad etib, buni siyosiy ta’qib sifatida baholamoqda. U 2026-yilda prezidentlikka qayta nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotgan edi. Ayon bo‘lishicha, sud iyun oyida uni qamoqqa olish haqidagi birinchi so‘rovni rad etgan, biroq prokuratura bu qarorni apellyatsiya qilib, qochib ketish xavfini qayd etgandi.
Viskarra so‘nggi yillarda korrupsiya va siyosiy inqirozlardan larzaga kelgan Peruda qamoqqa olingan beshinchi sobiq prezident bo‘lmoqda. Mamlakatda 2018-yildan beri 6 marta prezident almashgan. Hozirda 3 nafar boshqa sobiq prezident — Alexandro Toledo, Ollanta Humala va Pedro Kastilyo — Lima shahridagi sobiq davlat rahbarlari uchun mo‘ljallangan maxsus qamoqxonada saqlanmoqda. Parlament tomonidan 2020-yilda lavozimidan chetlatilgan Viskarra ham shu yerga joylashtirilishi rejalashtirilgan. Mazkur qamoqxona dastlab 2009-yilda inson huquqlarini buzganlik uchun 25 yilga qamalgan sobiq prezident Alberto Fuximori uchun qurilgan edi. U 2023-yilda xalqaro sud qaroriga zid ravishda afv etilgan, bir yil o‘tib esa saraton kasalligidan vafot etgandi.
Izoh (0)