9-avgust kuni Samarqand viloyatining “Bo‘g‘ibaland” mahallasida o‘zgacha bir kayfiyat hukm surdi — asrlar davomida mashhur bo‘lib kelgan mahalliy “Anjir sayli” bo‘lib o‘tdi.
“Bo‘g‘ibaland”ning serquyosh bag‘rida o‘tgan bu tadbir nafaqat meva bayrami, balki ilm, tajriba va zamonaviy agrotexnologiyalar uchrashuvi sifatida ham esda qoldi.
Sayl “Agrobank” tashabbusi bilan tashkil etildi.
Mehmonlarga “Agro In Vitro” mutaxassislari anjir ko‘chatlarini in-vitro usulida ko‘paytirish bo‘yicha jonli taqdimot o‘tkazdi, maxsus tayyorlangan qutilarda ko‘chat ekish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot tashkil qilindi. “Agrolab” loyihasi stendlari yonida tuproq tahlili, ko‘chat sifati nazorati va boshqa agronomik jarayonlar haqida ma’lumotlar berildi. Samarqand agroinnovatsiyalar instituti vakillari esa Yaponiya usulida hurmo quritish texnologiyasini tanishtirdi.
Sayl davomida anjir va undan tayyorlangan shirinliklar, murabbolar, sharbatlar va hatto souslar degustatsiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-57-son qaroriga muvofiq, anjir va hurmo yetishtirishni kengaytirish bo‘yicha Agrobankga yuklatilgan vazifalar doirasida “Uzun Agro Star” MChJ tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda anjir va xurmo yetishtirish, qayta ishlash, eksport qilish hamda agroturizmni rivojlantirish bilan shug‘ullanmoqda.
Shu yil 2,8 ming gektar maydondan 27,7 ming tonna anjir, 5 ming gektardan esa 110 ming tonna xurmo hosili yig‘ib olindi.
Kompaniya hozirga qadar 444 ming dona xurmo va anjir ko‘chatlarini tarqatdi, “Fermerlar maktabi” orqali 470 nafar fuqaro bilim va sertifikatga ega bo‘ldi. Kelgusida Xitoy tajribasi asosida issiqxonalarda anjir yetishtirish, Yaponiya usulida xurmo mahsulotlarini tayyorlash va 100 gektarlik zamonaviy agrokopleksni barpo etish rejalashtirilgan.
“Bo‘g‘ibaland”dagi bu sayl — milliy meva bayrami, ilm va innovatsiya, ishlab chiqaruvchi va iste’molchi, tarix va zamonaviy yondashuvning go‘zal uyg‘unligiga aylandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Amir Temur davrida Samarqandda 12 ta bog‘ barpo etilgan bo‘lib, ularning biri bugungi sayl bo‘lib o‘tgan “Bo‘g‘ibaland” anjirzori hisoblanadi. Bu bog‘da hozir 8 mingdan ortiq anjir daraxti o‘sadi, har biri mavsumda o‘rtacha 70 kilogrammdan 100 kilogrammgacha hosil beradi.
Daraxtlarning yoshi 100 yildan 400 yilgacha yetadi, buni ularning kuchli va keng tarqalgan tomir tizimi ham isbotlaydi. Eng qizig‘i, bu daraxtlar yiliga ikki marta hosil beradi, bu esa bog‘ning iqtisodiy va gastronomik ahamiyatini yanada oshiradi.
Izoh (0)