Bundan bir necha kun oldin Xitoyda kelajakda dunyodagi eng yirik GES bo‘lishi kutilayotgan gidroenergetika loyihasi qurilishiga start berildi. Bu loyihaning umumiy qiymati 170 mlrd dollar (!) bo‘lishi kutilmoqda. GES to‘liq bitgandan so‘ng yiliga 300 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Ushbu materialda dunyoda qurilgan eng yirik GESlar haqida ma’lumot beramiz.
Bugun hayotni elektr energiyasisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki insoniyat foydalanayotgan barcha narsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr energiyasi sarflaydi yoki ularni ishlab chiqarishda tokdan foydalaniladi.
Shu sababli paydo bo‘lganidan buyon dunyo bo‘ylab elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin oshib bormoqda. Natijada yana ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarish lozim bo‘lyapti.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish Yer shari bo‘ylab teng taqsimlanmagan. Kimlardir ko‘proq ishlab chiqaradi va ko‘proq iste’mol qiladi. Rivojlanayotgan davlatlarda esa ko‘rsatkich ancha past. Hatto ba’zi davlatlar o‘zida yetishmovchilik bo‘lsa ham ishlab chiqargan elektr energiyasini qo‘shnilarga sotadi.
Shuningdek, elektr energiyasi turli davlatlarda turli usullar bilan ishlab chiqaradi. Rivojlangan davlatlar energiyani ko‘proq AESlarda, rivojlanayotgan va qoloq davlatlar ko‘proq issiqlik elektrostansiyalarida (IES), tabiiy sharoiti bor ayrim davlatlar esa gidro elektrostansiyalarda ishlab chiqaradi.
So‘nggi bir necha o‘n yilda dunyo bo‘ylab “yashil energiya” ya’ni suvdan, quyosh va shamol yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarishga e’tibor kuchaydi.
Suvdan elektr energiyasi olish ancha arzonga tushadi. Biroq GESlar uchun to‘g‘on qurilayotganda ekologik oqibatlar inobatga olinishi lozim. Ya’ni, daryolarning oldi to‘silganda quyi oqimlarda qurg‘oqchilik yuz berishi yoki tabiatga jiddiy zarar yetkazilishi ehtimoli bor.
Biroq shunday bo‘lsa ham keyingi yillarda dunyoning turli burchaklarida daryolarning oldini to‘sib to‘g‘on qurish avj oldi. Bunda ayniqsa ko‘p sonli aholiga va yirik iqtisodiyotga ega Xitoy aktiv bo‘lmoqda. Shu sababli ham hozirgi kunda dunyodagi yirik GESlarning aksariyati shu davlatda joylashgan.
Xitoyliklar “yashil energiya” olishda to‘xatib qolmoqchi emas. Chunonchi, bundan bir necha kun oldin bu mamlakatda dunyodagi eng yirik GES qurilishi boshlangani va unga qariyb 170 mlrd dollar sarflanishi haqida xabar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, xitoyliklar ulkan GESni Tibet avtonom hududidan oqib o‘tadigan Yarlung-Sangpo daryosining quyi oqimida qurishadi.
GES to‘liq bitgach u yiliga 300 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Taqqoslash uchun bu O‘zbekistonda bir yilda ishlab chiqariladigan elektr energiyasidan qariyb to‘rt marta ko‘p. (O‘zbekistonda 2024-yilda 81,5 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Qo‘yida dunyodagi eng yirik GESlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etamiz.
- “Uch dara” (Xitoy)
Xitoy “Uch dara” GES to‘g‘oni qurilishini 1993-yilda boshlagan. 2003-yilda birinchi agregatlar elektr energiyasi bera boshlaydi. 2012-yilda “Uch dara” GES to‘liq ishga tushiriladi.
GESga Xitoydagi yirik kompaniyalardan biri China Yangtze Power egalik qiladi. “Uch dara” bir yilda 111,8 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Taqqoslash uchun, bu O‘zbekistonda bir yilda ishlab chiqariladigan elektr energiyasidan qariyb 50 foizga ko‘p.
“Uch dara” GES to‘g‘onining balandligi 185 metr, uzunligi 2 309 metrga yetadi. GES Yanszi daryosining Xubey provinsiyasidan oqib o‘tuvchi qismida qurilgan. Xitoy kompaniyasi uning qurilishiga jami 30,5 mlrd dollar sarflagan.
Bu GES to‘g‘oni dunyodagi eng og‘ir to‘g‘on bo‘lib, uning vazni 65,5 mln tonna chiqadi. Avvalroq aynan “Uch dara” GES to‘g‘oni Yer aylanishini sekinlashtirgani aytilgan xabarlar chiqqandi.
- Bayxetan (Xitoy)
Bayxetan GES ham Xitoyda Yanszi daryosining yuqori qismida bunyod etilgan. GES qurilishi 2017-yilda boshlangan va 2022-yilda u ishga tushirilgan. GESga Xitoyning China Three Gorges Corporation kompaniyasi egalik qiladi.
Dengiz sathidan 825 metr balandlikda qurilgan Bayxetan GES to‘g‘oni balandligi 289 metr, uzunligi 709 metrdan iborat. GES bir yilda 60,24 mlrd kilovatt soat elektr energiya ishlab chiqaradi. Xitoyliklar bu GES qurilishi uchun 26 mlrd dollar sarflagan.
Bayxetan GESda balandligi 50 metr, og‘irligi 8 000 tonna bo‘lgan juda yirik gidroagregatlar o‘rnatilgan bo‘lib, dunyodagi bironta GES bu ko‘rsatkich bo‘yicha unga tenglasha olmaydi.
- Itaypu (Braziliya—Paragvay)
Itaypu GES Janubiy Amerikada Amazondan so‘ng ikkinchi yirik daryo bo‘lgan Parana daryosida qurilgan. Bu daryo Braziliya va Paragvay chegarasi bo‘ylab oqadi. Shu sababli Itaypu GESni ikki davlat sheriklikda qurgan.
GES qurilishi 1984-yilda boshlangan va u 2007-yilga kelib to‘liq ishga tushirilgan. GESni har ikki davlat hamkorlikda tashkil etgan qo‘shma korxona boshqaradi.
Itaypu GES to‘g‘onining balandligi 196, uzunligi 7 235 metrni tashkil etadi. U dunyodagi yiliga 100 mlrd kilovatt soatdan oshiq elektr energiyasi ishlab chiqargan birinchi GES hisoblanadi.
Dastlabki loyihada Itaypu GES uchun 4,4 mlrd dollar sarflanishi belgilangandi. Biroq keyinchalik qurilish nafaqat cho‘ziladi, balki dastlabki loyiha o‘zgarib, to‘g‘on yanada kattaroq quriladi. Natijada GESni qurish uchun Braliziliya va Paragvay jami 15,3 mlrd dollar sarflaydi.
- Silodu (Xitoy)
Silodu GES qurilishi 2005-yilda boshlangan va u 2014-yilda to‘liq ishga tushirilgan. Bu GES to‘g‘oni Yanszi daryosining yuqori qismiga kelib quyiluvchi Szinsha daryosida qurilgan. Unga Xitoyning China Three Gorges Corp davlat kompaniyasi egalik qiladi.
GES to‘g‘onining balandligi 285, uzunligi esa 700 metrni tashkil etadi. Silodu GESning quvvati qariyb 14 ming megavatt bo‘lib, unga har birining quvvati 770 megavatt bo‘lgan 18 ta gidroagregat o‘rnatilgan.
GESga China Yangtze Power kompaniyasi egalik qiladi va bir yilda 55,2 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
- Belu-Monti (Braziliya)
Belu-Monti GES Braziliyaning Para shtatidan oqib o‘tuvchi Amazonning yirik irmoqlaridan biri bo‘lgan Shingu daryosida qurilgan.
GES qurilishi 2011-yilda boshlangan va 2016-yilda dastlabki gidroagregatlar ishga tushgan. 2019-yilda GES to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagan. Unga Norte Energia kompaniyasi egalik qiladi.
Belu-Monti to‘g‘oni uch qismdan iborat bo‘lib, ularning uzunligi qariyb 10 kilometrga yetadi. Balandligi esa 33, 36 va 90 metrdan iborat.
Belu-Monti GES bir yilda o‘rtacha 40 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
- Guri (Venesuela)
Guri GES Venesuelaning Bolivar shtatidan oqib o‘tuvchi Karoni daryosida qurilgan. GESga Janubiy Amerikada ancha mashhur siyosatchi bo‘lgan Simon Bolivar nomi berilgan.
GES qurilishi 1963-yilda boshlangan dastlabki gidroagregatlar 1978-yilda ishga tushirilgan. 1986-yilda GES to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagan. Guri GESga Venesuela davlat kompaniyasi egalik qiladi.
Guri GES to‘g‘onining balandligi 162 metr, uzunligi 1 300 metrni tashkil etadi. U yiliga o‘rtacha 47 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Bu GES Venesuelada iste’mol qilinadigan elektr energiyasining 65 foizini ishlab chiqaradi. U yana ikkita GES bilan birga mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 82 foizini yetkazib beradi.
- Udunde (Xitoy)
Udunde GES ham Yanszi daryosining yuqori qismiga quyiladigan Szinsha daryosida qurilgan bo‘lib, unga China Yangtze Power kompaniyasi egalik qiladi.
Bu GES qurilishi 2015-yilda boshlangan va u 2021-yilda foydalanishga topshirilgan. Uni bitkazishga 16 mlrd dollar sarflangan.
Udunde GES to‘g‘oni balandligi 240 metrni tashkil etadi va u yiliga 40 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
- Tukurui GES (Braziliya)
Tukurui GES Braziliyaning Tokantins shtatida, Tokantins daryosida qurilgan bo‘lib unga Eletronorte kompaniyasi egalik qiladi.
GES qurilishi 1976-yilda boshlangan va 1984-yilda ishga tushirilgan. GES to‘g‘onining balandligi 76 metrni, uzunligi esa 11 kilometrni tashkil etadi.
Tukurui GESda o‘rnatilgan 24 ta generator bir yilda 40 mlrd kilovatt soat atrofida elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
- Syanszyaba GES (Xitoy)
Syanszyaba GES Xitoyning Lyanshan-Iy avtonom hududida, Yanszi daryosining yuqori qismiga quyiluvchi Szinsha daryosida qurilgan. Unga ham China Yangtze Power egalik qiladi.
GES qurilishi 2002-yilda boshlangan va 2014-yilda u to‘liq ishga tushirilgan. To‘g‘onning balandligi 161 metr, eni esa 900 metrni tashkil etadi.
Syanszyaba GES bir yilda o‘rtacha 30 mlrd kilovatt soat elektr energiya ishlab chiqaradi.
- Grand-Kuli GES (AQSH)
Grand-Kuli GES AQSHning Vashington shtatidan oqib o‘tuvchi Kolumbiya daryosida qurilgan. Unga xususiy kompaniyalarning biri egalik qiladi.
Bu GES qurilishi 1970-yillarning ikkinchi yarmida boshlangan va 1985-yilda u to‘liq ishga tushirilgan. GES to‘g‘onining balandligi 168 metr, uzunligi 1 592 metrni tashkil etadi.
GES bir yilda o‘rtacha 20 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Yuqoridagilardan tashqari, Rossiyadagi Sayano-Shushensk, Krasnoyarsk, Kanadadagi Rober-Burassa va Cherchill-Fols kabilar dunyodagi eng yirik GESlar sirasiga kiradi.
Agar Xitoyda qurilishi boshlangan yangi GES ishga tushsa u dunyodagi eng ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi eng yirik GESga aylanadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Izoh (0)