Isroil kuchlari Falastinning bosib olingan Arura, Abveyn shaharlarida va Ramalla yaqinidagi Nubani fermalari hududida keng ko‘lamli harbiy operatsiya o‘tkazdi. Bu haqda Falastin axborot markazi xabar bermoqda.

Manba ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylar qidiruv ishlari olib borgan, aholini hibsga olgan va binolarni egallab olgan. Ayrim hollarda uy egalari majburan ko‘chirib yuborilgan, binolar esa vaqtinchalik harbiy bazalarga aylantirilgan.
Mahalliy manbalarning ma’lum qilishicha, shaharlarga kirish yo‘llari to‘sib qo‘yilgan, harakatlanish cheklangani va turar joy hududlarida harbiy kuchlar soni oshirilgan.
Ta’kidlanishicha, Eronga havo hujumlari boshlanishi bilan Isroil harbiylari Xevron, Jenin, Ramalloh va Kalkiliyadagi o‘nlab uylarni egallab, oilalarni majburan ko‘chirdi va u yerlarga askarlarni joylashtirdi. Aholi va faollar fikricha, buning maqsadi harbiylarni Eronning ehtimoliy zarbalaridan himoya qilish bo‘lishi mumkin — askarlar nishonga aylanmaslik uchun tinch aholi orasida yashirinmoqda.
Faollar armiyani falastinliklardan tirik qalqon sifatida foydalanishda ayblamoqda — Isroil HAMASni aynan shu amaliyotda ayblagan edi. Xalqaro huquq buni taqiqlashiga qaramay, Youth Against Settlements huquqni himoya qilish guruhining ta’kidlashicha, “falastin bolalari hayotidan ko‘ra, armiya xavfsizligiga ustuvorlik berilmoqda”.
Isroil 13-iyunga o‘tar kechasi Eronning yadro dasturiga qarshi “Isyonkor sher" operatsiyasini boshladi. Bir sutkadan kam vaqt o‘tgach, Islom Respublikasi javob hujumini amalga oshirdi. Keyingi kunlarda Isroil va Eron o‘zaro zarba berishni davom ettirdi. Ikkala tomon ham ushbu hujumlar natijasida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar borligini ma’lum qildi, o‘z hududlaridagi bir qator obyektlarga zarba yetkazilganini tan oldi, ammo yetkazilgan zarar cheklangan ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)