Istanbuldagi Wanna Be Taller klinikasi bemorlarga bo‘yni sun’iy ravishda cho‘zdirish operatsiyasini taklif qilmoqda. Har yili bir necha santimetrga balandroq bo‘lishni istaydigan shaxslar soni esa ortib, bunday operatsiyalar soni ham ko‘payib bormoqda. Bemorlarni jarrohlik amaliyoti o‘ta murakkab ekanligi, uzoq va og‘riqli reabilitatsiya davri ham qo‘rqitmayapti, deb yozmoqda The Guardian nashri.

Bo‘yni “o‘stirish” amaliyoti ikki bosqichda bajariladi. Avval bemorning son yoki boldir suyagiga maxsus metall sterjenlar joylashtiriladi. Buning uchun operatsiya vaqtida suyaklar kesiladi. Keyingi 3–6 oy davomida tashqi fiksatorlar yordamida implantlar asta-sekinlik bilan, kuniga 1 millimetrdan cho‘zib boriladi. Shu vaqt ichida suyaklar orasidagi bo‘shliqlarni yangi hosil bo‘lgan to‘qimalar to‘ldiradi, teri esa qayta tiklanadi.
Ikkinchi bosqichda bemor yana bir marta operatsiya qilinadi, unda fiksatorlar olib tashlanadi. Shundan keyin jarrohlik aralashuvi tugaydi va bemor shifokorlar hamda fizioterapevtlar nazorati ostida uzoq davom etadigan og‘ir tiklanish davriga o‘tadi.

Britaniyalik Frenk ismli erkak bolaligidan o‘zining bo‘yi uchun doim masxara qilib kelingan. Shu sababli u doim o‘zidan ko‘ngli to‘lmas, bajargan mashqlari esa bo‘yini o‘stirishga yordam bermas edi. Kunlarning birida u Istanbulda bo‘y cho‘zdirish operatsiyasi o‘tkazilayotgani haqida xabar topdi va darrov o‘sha klinika bilan bog‘landi. Frenk rafiqasi bilan Turkiyaga kelib, ro‘yxatdan o‘tdi va operatsiya kuni belgilandi.

Foto: The Guardian
Bo‘yini 7,3 santimetrga oshirish jarayoni unga nafaqat jismoniy, balki ruhiy sinovga aylandi. Birinchi jarrohlikda oyoqlarga fiksator o‘rnatilib, bemor har kuni maxsus kalitni burash yordamida asta-sekin suyaklarni “cho‘zib bordi”. Bu og‘riqli jarayon reabilitatsiya davrida o‘pka emboliyasi, mushak, nerv tizimi muammolari bilan ham yakunlanishi mumkin edi, biroq bularning barchasidan muvaffaqiyatli o‘ta oldi.
Qayd etish lozimki, reabilitatsiya jarayonida ko‘plab asoratlar, jumladan, qon ivishi, bo‘g‘imlar muammosi, yangi suyak to‘qimasining yetarlicha hosil bo‘lmasligi, qon tomirlarining shikastlanishi, chandiqlar va surunkali og‘riqlar yuzaga kelishi mumkin. Bunday operatsiyani boshidan kechirgan odamlar ko‘pincha “balerina sindromi” bilan yashashga majbur bo‘ladi: bunda oyoqlar tovoni deformatsiyalanadi va odatiy qadam bosish qiyinlashadi.

Foto: The Guardian
Operatsiya narxi klinika, yashash sharoiti va bo‘y cho‘zish usuliga qarab farq qiladi. Eng arzon variant — tashqi fiksatorlardan foydalanish bo‘lib, u 32 ming AQSH dollari atrofida turadi. Qimmatroq usullarda esa elektron implantlar qo‘llaniladi. Frenk arzonroq usulni tanladi va bo‘yini 168 santimetrdan 175 santimetrgacha “o‘stirdi”. Bu haqda uning o‘zi shunday deydi:
“Agar past bo‘yli erkak bo‘lmasangiz, mening vaziyatimni hech qachon tushuna olmaysiz. Bugungi shafqatsiz jamiyatda bo‘yi past bo‘lish deyarli la’natlanish bilan barobar”, tan oladi u.
Bo‘y cho‘zish uchun suyaklarni sindirish usulini birinchi bo‘lib 1951-yilda sovet jarrohi Gavriil Abramovich Ilizarov qo‘llagan. U Kurgan shahrida ortopediya bo‘yicha ishlayotganda tashqi metall halqalar asosida maxsus qurilma yaratadi. Qurilma singan yoki kalta suyaklarni ushlab turish va asta-sekin cho‘zish imkonini bergan. 1954-yilda Ilizarov birinchi bemorni muvaffaqiyatli davolagan va bu usul keyinchalik butun dunyoga tarqalgan.

Ilizarovning metodiga ko‘ra, jarrohlik yo‘li bilan suyak kesiladi, so‘ng tashqi metall halqalar yordamida kuniga o‘rtacha 1 millimetr suyak cho‘zilib boradi. Bu jarayon davomida nafaqat yangi suyak, balki uni o‘rab turgan mushak, teri, qon tomirlari va nervlar ham o‘sishga majbur bo‘ladi. Ilizarov bu hodisani “taranglik effekti” deb atagan.
Dastlab bu usul tug‘ma nuqsonlar, sinishlar yoki deformatsiyalarni davolash uchun qo‘llanilgan. Keyinchalik esa estetik maqsadda — bo‘yni cho‘zish uchun ham keng foydalana boshlangan. Ilizarov metodi turli murakkab suyak nuqsonlarini tiklash, uzunligi ikki xil bo‘lgan oyoqlarni tenglashtirish va bitmay qolgan sinishlarni davolashda ham ishlatiladi.
So‘nggi yillarda esa ichki qismida magnit bilan boshqariladigan maxsus implantlar ishlab chiqildi. Ular tashqi halqalardan ko‘ra qulayroq, ammo qimmat va o‘ziga xos xavfli tomonlari mavjud.
Izoh (0)