O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-avgust kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga maktub yo‘llab, uni va ukrain xalqini Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.

Ukrainaning milliy bayrami — Mustaqillik kuni munosabati bilan sizni va butun Ukraina xalqini samimiy muborakbod etaman. Ishonchim komilki, davlatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va uzoq muddatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan aloqalar kelgusida ham xalqlarimiz umumiy manfaatlari yo‘lida rivojlanib boraveradi.
Fursatdan foydalanib, sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, ukrain xalqiga esa tinchlik-omonlik va farovonlik tilab qolaman, deyiladi tabrik matnida.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mazkur tabrikka javoban O‘zbekiston rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Yo‘llagan samimiy qutlovingiz uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, davlatlarimiz bundan buyon ham Ukraina va O‘zbekistonning do‘st xalqlari farovonligi yo‘lida samarali hamkorlikni rivojlantirib, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlab boraveradi.
Ukrainaning hududiy yaxlitligi va ukrainalik bolalarning O‘zbekistonda dam olishi uchun insonparvarlik tashabbuslari bo‘yicha pozitsiyangizni qadrlayman, deya ta’kidladi Zelenskiy.
Izoh (0)