AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainaga 3350 ta uzoqqa uchadigan ERAM raketalarini sotishni ma’qulladi. Bu haqda Wall Street Journal xabar berdi.

Ushbu raketalar Ukraina Qurolli kuchlariga olti hafta ichida yetkazilishi kutilmoqda. Qurol-yarog‘ to‘plami 850 million dollarga baholanib, u raketalardan tashqari “boshqa anjomlarni” ham o‘z ichiga oladi. Xarajatlarning asosiy qismini Yevropa mamlakatlari o‘z zimmasiga olishi ma’lum qilingan.
ERAM raketalarining ta’sir radiusi 241-450 kilometrni tashkil etadi va ulardan foydalanish uchun Pentagonning ruxsati talab etiladi.
Yetkazib berishlar Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralariga qadar kechiktirilgandi, deyiladi xabarda
Uzoq masofali ERAM raketalari “havo — yer” toifasiga mansub bo‘lib, qo‘llanilishining universalligi bilan ajralib turadi. Ushbu raketalarning modulli dizayni ularni ham quruqlikdagi, ham dengizdagi nishonlarni yo‘q qilish uchun ishlatish imkonini beradi.
Ukrainaga ATACMS raketalari berilishi va cheklovlar
AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati 2023-yilda Ukrainaga ATACMS raketalarini topshirishni ma’qullagan. Dastlab bu qurollardan Rossiya hududiga zarba berish taqiqlangan edi. Biroq 2024-yil kuzida, Shimoliy Koreya askarlari Moskva tomonida urushga qo‘shilgach, cheklovlar olib tashlangan.
Bayden davrida tasdiqlangan so‘nggi ATACMS raketalari 2025-yilning bahorida Ukrainaga yetib kelgan.
Hozir esa Kiyevda bunday turdagi raketalar juda kam qolgan, deydi AQSHning ismi oshkor qilinmagan rasmiylari.
AQSH Mudofaa vazirligi 2025-yil bahorining oxiridan boshlab Ukrainaga ATACMS raketalaridan Rossiya hududiga zarba berishni taqiqlagan.
Izoh (0)