Rossiya prezidenti Vladimir Putin 22-avgust kuni mamlakat yadroviy sanoati markazi va birinchi sovet atom bombasining “vatani” hisoblangan Sarov shahriga tashrif buyurdi. U yerda rasmiy jadvalda ko‘rsatilmagan maxfiy yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda “Kommersant” muxbiri Andrey Kolesnikov xabar qildi.

Muxbirning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda 2018-yilda Putin taqdim etgan yadroviy dvigatelli “Burevestnik” raketasining sinovlari muhokama qilingan. Uni 2025-yilda qurollanishga qabul qilish ehtimoli haqida ham gap ketgan.
Sarov aeroportida prezidentni Rossiya armiyasi Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov va “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov kutib olgan. Tashrif chog‘ida Putin SSSR yadroviy qurolining “otalaridan biri” Yuliy Xariton haykali poyiga gul qo‘ygan.
Bu tadbirlarning bari aslida asosiy masaladan — “Burevestnik” bo‘yicha yig‘ilishdan e’tiborni chalg‘itish uchun tashkil etilgan, deydi rossiyalik muxbir.
Bir necha kun avval Novaya Zemlya orolida “Burevestnik“ yoki NATO tasnifida SSC-X-9 Skyfall deb ataluvchi raketaning sinovlari o‘tkazilishi kerak edi. Yadro quroli bo‘yicha ekspertlar sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga asoslanib shunday xulosa bergan. G‘arb razvedkasi ham raketa sinovi bo‘lib o‘tishini tasdiqlagan.
Sinovlar 9–22-avgust oralig‘iga rejalashtirilgan edi. Shu kunlarda Rossiya uchuvchilar uchun bir nechta ogohlantirishlar e’lon qilib, Novaya Zemlya hududidan uzoqlashishni tavsiya qilgan.
Pankovo poligonidagi sinov qanday yakunlangani hozircha noma’lum. Midlberi xalqaro tadqiqotlar instituti (Kaliforniya) mutaxassisi Jeffri Lyuisning aytishicha, hozir Novaya Zemlyada “jihozlar yig‘ishtirilmoqda”.
U ilgari ham sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga tayangan holda “Burevestnik” uchirilishi mumkinligini taxmin qilgandi. Lyuisning ta’kidlashicha, ehtimol raketa uchirilgan, balki sinov muvaffaqiyatsiz tugagan yoki umuman bekor qilingan, “yoki ular shunchaki taslim bo‘lgan”.
Izoh (0)