Isroil mudofaa armiyasi 24-avgust kuni Yaman poytaxti Sana shahriga hujum qildi. Yahudiy davlati husiylarning harbiy obyektlariga zarba berganini da’vo qilmoqda.

Isroil qiruvchi samolyotlari hujum qilgan obyektlar orasida prezident saroyi joylashgan harbiy majmua, ikkita elektr stansiyasi, yoqilg‘i ombori ham bor.
Sanadagi prezident saroyi harbiy obyekt hududida joylashgan bo‘lib, u yerda husiylarning harbiy kuchlari faoliyat olib bormoqda, deya ma’lum qildi yahudiy armiyasi.
Shaharga qilingan aviahujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, kamida 35 kishi yaralangan.
Elektr stansiyalariga berilgan zarba ularning harbiy maqsadlarda elektr ishlab chiqarish va ta’minlash faoliyatiga zarar yetkazadi. Husiylar Eron rejimining ko‘rsatmalari va moliyaviy yordami ostida faoliyat yuritadi, uning maqsadi — Isroil davlati va uning ittifoqchilariga zarar yetkazishdir.
Ular dengiz hududlaridan foydalanib, o‘z kuchini namoyish etadi va xalqaro kema qatnovi hamda savdo yo‘llariga qarshi terrorchilik faoliyatini amalga oshiradi, deya da’vo qilgan Isroil mudofaa armiyasi.
Isroil hujumlar husiylarning yahudiy davlatiga uchirilgan raketa va dronlarga javob ekanini ta’kidlagan.
Times of Israel nashri yozishicha, 22-avgust kuni Yaman husiylari Isroilga dron va kassetali o‘q-dorilar o‘rnatilgan ballistik raketa uchirgan. Bu har kuni hujumga uchrayotgan G‘azodagi falastinliklar bilan birdamlik belgisi ekani ta’kidlangan.
Izoh (0)