Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni bir qator jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topdi va sirtdan 11,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Kaktus media” nashri xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, sud majlisi sudya Aziret Mederov raisligida o‘tkazilgan.
Atamboyev Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘ida yer uchastkalarini noqonuniy olishda, shuningdek, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilishda korrupsiya va 7-8 avgust kunlari Qo‘y-Tosh qishlog‘ida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda aybdor deb topilgan. Sobiq prezidentga nisbatan mol-mulkini musodara qilish va barcha davlat mukofotlaridan mahrum etish jazosi ham belgilangan.
Atambayev bilan birga “Qo‘y-Tosh voqealari” bo‘yicha Prezident devonining sobiq rahbari Farid Niyozov va Qirgiziston Respublikasi Jogorku Keneshining sobiq deputati Ravshan Jeenbekov 7 yil-u 8 oyga, yana bir sobiq deputat Irina Karamushkina esa 7 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.
Sobiq deputatlar Asel Koduranova 3 yillik, Meyorbek Miskenbayev 5 yillik, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 9-xizmatining sobiq xodimi va Atambayevning sobiq tansoqchisi Kanat Sagimbayev 5 yillik, jurnalist va Atambayev tarafdori Qunduz Joldubayeva 5 yillik probatsiyaga tortilgan.
Aprel oyida Atambayev Batukayev ishi bo‘yicha aybdor deb topilgan, biroq da’vo muddati o‘tgani sababli jazodan ozod etilgandi.
Atambayev 2011-2017-yillarda Qirg‘iziston prezidenti lavozimida ishlagan va 2019-yil iyunida daxlsizlik huquqidan mahrum etilgan. Hibsga olinganidan so‘ng unga qarshi bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
2020-yil 23-iyunda Bishkekning Pervomaysk tuman sudi Atambayevni 2013-yilda jinoiy avtoritet Aziz Batukayevni noqonuniy ozod qilish ishi bo‘yicha mol-mulkini musodara qilgan holda 11 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etgan edi. Keyinchalik Atambayev Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining mansab mavqeyini suiiste’mol qilish va korrupsiya moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topildi. Shuningdek, sud uni 2020-yil oktyabrida ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish ishi bo‘yicha jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli oqlagan.
Atambayevning ishi yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish uchun yuborilgan edi. Sud qaroriga ko‘ra, Atambayevga davolanish uchun Qirg‘izistonni tark etishga ruxsat berildi. U 2023-yil 14-fevralda koloniyadan ozod qilindi va ertasi kuni xorijga uchib ketdi.
Avvalroq Qirg‘izistonda 2019-yil avgust oyida Qo‘y-tosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan tartibsizliklar bo‘yicha sud bo‘lib o‘tayotgani, ayblov tomoni sobiq prezident Almazbek Atambayevni 11 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragani xabar qilingandi.
Izoh (0)