2025-yil 15-avgust kuni Vladimir Putin va Donald Tramp Alyaska shtati maʼmuriy markazi Ankorij shahrida uchrashdi. Uchrashuv bir necha soat davom etgan va tahlilchilarga ko‘ra u natijasiz tugagan. Bu uchrashuv Rossiya va AQSH prezidentlarining so‘nggi 10 yilda dastlabki uchrashuvi bo‘ldi.
Jahon tarixiga nazar tashlansa AQSH prezidentlari uzoq yillar davomida, aniqrog‘i 1943-yilgacha sovet rahbarlari bilan biron marta uchrashmagan. Buning asosiy sababi, urushgacha SSSR dunyoning uncha muhim davlati bo‘lmagan va AQSHga raqobat qila olmagan.
O‘sha paytlarda Amerikaga asosan dunyoning juda katta qismida mustamlakalarga ega bo‘lgan Britaniya raqobat qilardi. Stalin boshchiligidagi sovetlar esa boylik, qudrat, harbiy salohiyat bo‘yicha AQSHning yaqiniga ham bora olmasdi.
Shu uchun ham garchi sovetlar davlati 1917-yilda tuzilgan va 1922-yilda SSSR tashkil etilgan bo‘lsa ham AQSH faqat 1933-yilga kelib Moskva bilan diplomatik aloqalar o‘rnatadi.
Ikkinchi jahon urushi boshlangandan so‘ng ikki yil o‘tib, 1941-yilda nemislar SSSRga hujum boshlaydi. O‘shanda Germaniya armiyasi qisqa vaqtda Moskva ostonasigacha yetib boradi.
1943-yilga kelib frontda vaziyat o‘zgara boshlaydi va Stalingrad ostonasida yirik mag‘lubiyatga uchragan nemislar ortga chekina boshlaydi. Ana shundan boshlab sovetlar SSSRning buyuk davlatga aylanganini taʼkidlay boshlaydi.
Urushdan so‘ng SSSR Sharqiy Yevropa va Sharqiy Osiyodagi bir qancha davlatlarni o‘z taʼsir doirasiga oladi va ularda kommunistik rejim o‘rnatiladi. Shu tariqa SSSR dunyodagi ikkinchi qutb – kommunistik lager lideriga aylanadi.
Keyinchalik 1950-yillarning ikkinchi yarmida sovetlar Janubiy-Sharqiy Osiyodagi Vyetnam, Laos, Karib havzasidagi Kubada, shuningdek, Afrika va Lotin Amerikasining bir qator davlatlarida kommunistik rejim o‘rnatilishiga yordam beradi.
O‘sha paytlarda dunyoning aksariyat davlatlarida ikki yo‘l – AQSH yoki SSSR panohi ostiga kirish bor edi. Uchinchi yo‘l yo‘q edi. Shu sababli ham 1943-yilda frontda o‘zgarish boshlangandan so‘ng AQSH prezidentlari sovet rahbarlari bilan hisoblashishga majbur bo‘lgan va har ikki davlat liderlarining ilk uchrashuvi ham o‘sha yili bo‘lib o‘tgan.
AQSH prezidentlarining sovet hamda Rossiya rahbarlari bilan uchrashuvlari bir nechta bandga bo‘linadi. Jumladan, ular alohida davlat tashriflarini amalga oshirgan. Bundan tashqari, turli xalqaro anjumanlarda uchrashgan.
Qo‘yida sovet hamda Rossiya rahbarlarining AQSH prezidentlari bilan bo‘lgan uchrashuvlarini eslab o‘tamiz.
AQSH prezidentlarining SSSR va Rossiyaga tashriflari
Franklin Ruzvelt, 1945-yil

AQSH-SSSR o‘rtasidagi muloqotlarda Amerikaning 32-prezidenti Franklin Ruzvelt alohida o‘rin egallaydi. AQSHni 1933-yildan 1945-yil vafotigacha boshqargan bu shaxs o‘limidan biroz avval SSSRga tashrif buyuradi.
Tashrif 1945-yil 4-fevral kuni amalga oshiriladi. O‘shanda nemislar bilan bo‘lgan urushda g‘alaba qozonishi aniq bo‘lgan sovetlar urushdan keyin qilinaigan ishlarni muhokama qilish uchun konferensiya o‘tkazishga qaror qiladi.
Bu konferensiyada xuddi 1943-yilda Eron poytaxti Tehronda bo‘lani kabi SSSR rahbari Stalin, Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill va AQSH prezidenti qatnashishi ko‘zda tutilgandi. Ruzvelt ana shu konferensiyada qatnashish uchun SSSRga keladi.
Tashrif davomida Ruzvelt Stalin bilan ham alohida uchrashadi va baʼzi masalalar muhokama qilinadi.
Richard Nikson, 1972 va 1974-yillar

Ruzveltning tashrifidan ko‘p o‘tmay SSSR va AQSH munosabatlari taranglasha boshlaydi. Amerikaliklarga urushdan so‘ng Sharqiy Yevropani o‘z nazoratiga olgan Moskvaning Sharqiy va Janubiy-Sharqiy Osiyodagi davlatlarni ham o‘z taʼsir doirasiga olishi, AQSHning biqinida joylashgan Kubada kommunistik tuzum o‘rnatishi yoqmaydi.
Oqibatda, har ikki davlat ochiq dushmanlik yo‘liga o‘tishadi. Shu sababli ham har ikki tomon bir-biriga rahbarlarning davlat tashrifini amalga oshirmaydi.
Biroq, 1970-yillar boshlaridan vaziyat biroz o‘zgaradi va aloqalar iliqlasha boshlaydi. Bunga 1969 yildan AQSHni boshqara boshlagan Richard Nikson sababchi bo‘ladi. U prezidentlikka kirishgach Moskva bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishini maʼlum qiladi va buni amalda ko‘rsatadi.
1972-yil 22-may kuni Nikson Moskvaga tashrif buyuradi va SSSRda 8 kun yuradi. U Brejnev bilan uchrashib muhokamalar o‘tkazadi. Shunda ikki tomon strategik qurollarni qisqartirish bo‘yicha kelishuvga erishadi. 30-may kuni u ortga qaytadi.
Oradan ikki yil o‘tgach, 1974-yil 27-iyun kuni Richard Nikson yana Moskvaga tashrif buyuradi. Bu safar Brejnev bilan Qrimga boradi va mamlakatning diqqatga sazovor joylarini tomosha qiladi. U bu safar ham SSSRda qariyb bir hafta yuradi va 3-iyul kuni ortga qaytadi.
O‘shanda Niksonni AQSHda noxush vaziyat kutib turgandi. Unga “Uotergeyt mojarosi” tufayli impichment xavf soladi. Shunda SSSRga kelganidan uch oy o‘tib, Nikson isteʼfoga chiqadi.
Jerald Ford, 1974-yil

Richard Nikson isteʼfoga chiqqach uning o‘rniga o‘sha payьa vitse-prezident lavozimida ishlagan Jerald Ford AQSH prezidentiga aylanadi.
U 1974-yil 23-24 noyabr kunlari SSSRga tashrif buyuradi va sovetlar bilan qitʼalararo ballistik raketalar ishlab chiqarishni qisqartirish bo‘yicha muhim kelishuvlarni imzolaydi.
O‘shanda Ford Moskvaga kelmaydi. Uchrashuvlar Uzoq Sharqda joylashgan Vladivostok shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ronald Reygan, 1988-yil

1979-yilda sovet armiyasi Afg‘onistonga bostirib kirgach AQSH-SSSR munosabatlari sovuqlashadi. G‘arb davlatlari SSSRga sanksiyalar qo‘llaydi.
1985-yilda SSSRga Mixail Gorbachyov rahbar bo‘lgach islohotlarni boshlaydi. U 1986-yilda Afg‘onistondan sovet qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqish haqida eʼlon qiladi. Bu o‘zgarishlar ijobiy natija beradi va AQSH-SSSR munosabatlari iliqlasha boshlaydi.
1988-yil 29-may kuni SSSRga AQSH prezidenti Ronald Reygan tashrif buyuradi. U Gorbachyov bilan muzokaralar o‘tkazadi va bir qator kelishuvlar imzolanadi. Reygan SSSRda 5 kun bo‘ladi va 2-iyun kuni ortga qaytadi.
Jorj Bush, 1993-yil

1991-yil avgust oyi oxirlarida SSSR parchalanib ketdi. Gorbachyov “o‘yin”dan chiqdi va Boris Yelsin mustaqil Rossiyaning birinchi prezidentiga aylandi.
Oradan bir yarim yil o‘tgach, 1993-yil 2-yanvar kuni Rossiyaga AQSHning navbatdagi prezidenti Katta Jorj Bush tashrif buyurdi. U Moskvada ikki kun bo‘ldi va bir qator kelishuvlarni imzolab, 3-yanvar kuni ortga qaytdi.
Maʼlumot uchun, Katta Jorj Bush ungacha SSSRda uch marta – 1982-yilda Brejnevni, 1984-yilda Yuriy Andropovni, 1985-yilda Konstantin Chernenkoning dafn marosimlariga kelgan edi.
Bill Klinton, 1994-yil
Bill Klinton Moskvaga 1994-yil 12-yanvarda tashrif buyuradi. O‘shanda u Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk va Boris Yelsin bilan birgalikda “Ukraina hududidagi yadro qurollarini tugatish” haqidagi kelishuvni imzolaydi. O‘shanda Klinton Rossiyada 4 kun bo‘ladi va 15-yanvarda ortga qaytadi.
Klintonning Rossiyaga navbatdagi tashrifi 1995-yil 9-may kuni bo‘lib o‘tadi. U Boris Yelsin bilan uchrashishdan tashqari Rossiya muxolifati, Kommunistik partiya lideri Gennadiy Zyuganov, “Yabloko” partiyasi lideri Grigoriy Yavlinskiy va Rossiya hukumatida ishlovchi Yegor Gaydar va boshqalar bilan uchrashib, ular bilan nonushta qiladi.
O‘shanda uchrashuvga negadir liberallar lideri Vladimir Jirinovskiy taklif etilmaydi.
Klinton Moskvaga uchinchi marta 2000-yil 3-iyunda keladi. Bu paytda Rossiyani Vladimir Putin boshqarayotgandi. U Moskvada uch kun yuradi va Putin bilan bir qator kelishuvlarni imzolaydi. 5-iyun kuni Klinton ortga qaytadi.
Kichik Jorj Bush, 2002, 2003 va 2005-yillar
2002-yil 23-may kuni Rossiyaga Kichik Jorj Bush tashrif buyuradi. U Putin bilan bir qator muhim kelishuvlarni imzolaydi va 26-may kuni ortga qaytadi.
Kichik Jorj Bush Rossiyaga navbatdagi tashrifini 2003-yil 31 may-1 iyun kunlarida amalga oshiradi. O‘shanda U Sankt-Peterburg shahrining 300 yillik tantanalariga taklif etilgan.
2005-yil 8-may kuni Kichik Jorj Bush yana Rossiyaga keladi. U bu safar Moskvada 9-may kuni o‘tkazilgan G‘alaba bayrami paradida qatnashadi va o‘sha kuni ortga qaytib ketadi.
Barak Obama, 2009 va 2013-yillar
2009-yil 6-iyul kuni Barak Obama Moskvaga tashrif buyuradi. Bu paytda Rossiya preziyenti Dmitriy Medvedev edi. Ikki rahbar bir qator kelishuvlarni imzolaydi va 8-iyul kuni Obama ortga qaytai.
2013-yilda Obama yana Rossiyaga keladi. Bu safar u Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan G20 (Katta yigirma) sammitida ishtirok etadi.
SSSR va Rossiya rahbarlarining AQSHga tashrifi
Nikita Xrushchyov, 1959-yil
Sovet rahbarlaridan birinchi bo‘lib AQSHga 1959-yilda Nikita Xrushchyov boradi. U 15-sentyabr kuni Vashingtonga yetib boradi. O‘shanda AQSHni 34-prezident Duayt Eyzenxauer boshqarardi.
AQSHga xotini, farzandlari va kuyovini ham olib borgan Xrushchyov okean ortida ikki hafta bo‘ladi. U Eyzenxauer bilan muzokaralar o‘tkazadi. Nyu York va Los-Anjeles shaharlarini tomosha qiladi. Hollivudga boradi.
Shuningdek, sovet rahbari fermer dalalarini borib ko‘radi. Ana shunda u amerikalik fermerni jo‘xoridan yuqori hosil olayotganini ko‘radi va SSSRga qaytgach hamma joyga jo‘xori ekdiradi. O‘shanda Kremlni barcha joyini jo‘xori boshoqlari bezab turadigan bo‘ladi. Nikita Xrushchyov 27-sentyabr kuni ortga qaytadi.
Leonid Brejnev, 1973-yil
1970-yillar boshlarida AQSH va SSSR o‘rtasidagi munosabatlar biroz iliqlashadi. 1972-yilda AQSH prezidenti Nichard Nikson Moskvaga keladi.
Shundan so‘ng 1973-yil 16-iyun kuni sovet rahbari Leonid Brejnev AQSHga davlat tashrifi bilan boradi. U Amerikada 10 kun bo‘ladi va prezident Nikson bilan muzokaralar o‘tkazadi. Bir qancha kelishuvlarni imzolaydi.
Shuningdek, Brejnev bir qancha shtatlarda bo‘ladi. AQSHning diqqatga sazovor joylarini borib ko‘radi. So‘ng 25-iyun kuni ortga qaytadi. O‘shanda Brejnev Moskvaga emas, Fransiyaga tashrif buyuradi.
Mixail Gorbachyov, 1987-yil
1985-yilda SSSR rahbari bo‘lgan Mixail Gorbachyov bir qator islohotlar o‘tkazishini eʼlon qiladi. Islohotlar orasida G‘arb davlatlari bilan aloqalarni yaxshilash rejasi ham bor edi.
Ana shu rejaga muvofiq 1987-yil 7-dekabr kuni u AQSHga tashrif buyuradi. Vashingtonda prezident Ronald Reygan bilan muzokaralar o‘tkazib, bir qator kelishuvlarni imzolaydi. So‘ng 10-dekabr kuni ortga qaytadi.
Turli tadbirlardagi uchrashuvlar
Tehron konferensiyasi. SSSR va AQSH rahbarlarining ilk uchrashuvi 1943-yil 28-noyabr-1 dekabr kunlarida Eronda bo‘lib o‘tgan Tehron konferensiyasida yuz beradi.
O‘shanda Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill, AQSH prezidenti Franklin Ruzvelt va Stalin bir qator masalalarni, jumladan Yevropa ikkinchi frontni ochish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.
Podstam konferensiyasi. Ikkinchi jahon urushi tugashi arafasida Germaniyaning Podstam shahrida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Unda Stalin, Britaniya bosh vaziri Cherchill va Ruzveltning vafotidan so‘ng AQSH prezidentiga aylangan Harri Trumen ishtirok etadi.
Konferensiya 17-iyuldan 2-avgustgacha davom etadi va tomonlar unda bir qator muhim masalalarni muhokama qilishadi.
Jeneva yig‘ilishi. 1955-yil 18-23 iyul kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida xalqaro yig‘ilish o‘tkaziladi. Unda qatnashgan sovet rahbari Nikita Xrushchyov va AQSH prezidenti Duayt Eyzenxauer o‘zaro uchrashadi va bir qator masalalarni muhokama qiladi.
Jeneva uchrashuvi. 1985-yil 19-21-noyabr kunlari AQSH prezidenti Ronald Reygan va sovet rahbari Mixail Gorbachyov Shveysariyaning Jeneva shahrida uchrashuv o‘tkazadi. Tomonlar bir qator muhim masalalarni muhokama qilishadi.
Reykyavik uchrashuvi. 1986-yil 11-12-oktyabr kunlari Ronald Reygan va Mixail Gorbachyov Islandiya poytaxti Reykyavik shahrida uchrashuv o‘tkazishadi. Bu uchrashuvda bir qator muhim masalalar qatorida Afg‘onistondan sovet qo‘shinlarini tezroq olib chiqish ham muhokama qilinadi.
Malta uchrashuvi. 1989-yil 2-3-dekabr kunlarida Mixayil Gorbachyov AQSHning yangi prezidenti Katta Jorj Bush bilan Malta oroli sohillarida turgan sovet teploxodida norasmiy uchrashuv o‘tkazadi.
O‘shanda bir qator masalalarni muhokama qilgan ikki davlat rahbari AQSH va SSSR o‘rtasida kelishmovchiliklar butunlay barham topganini eʼlon qilishadi.
Vankuver uchrashuvi. 1993-yil 3-4-aprel kunlari Kanadaning Vankuver shahrida AQSH prezidenti Bill Klinton va Rossiya prezidenti Boris Yelsin o‘zaro uchrashadi. Uchrashuvda iqtisodiy hamkorlik, savdo va boshqa masalalar bo‘yicha kelishuvlar imzolanadi.
Lyublyane uchrashuvi. 2001-yil 16-iyun kuni Sloveniyaning Lyublyane shahrida Putin va Kichik Jorj Bush o‘rtasida uchrashuv o‘tkaziladi. Tomonlar turli masalalarni muhokama qilishadi.
Xokkaydo uchrashuvi. 2008-yil 7-iyul kuni Yaponiyaning Xokkaydo orolida o‘tkazilgan G20 (Katta yigirma) sammitida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev va Kichik Jorj Bush uchrashadi. Uchrashuvda turli qurollarni qisqartirish masalasi muhokama qilinadi.
London uchrashuvi. 2009-yil 1-aprel kuni Britaniya poytaxti London shahrida Dmitriy Medvedev va AQSHning yangi prezidenti Barak Obama o‘rtasida uchrashuv o‘tkaziladi. Tomonlar asosan turli qurollarni qisqartirish va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilishadi.
Umumiy hisobda Medvedev va Obama 11 marta uchrashishadi. Ularning bir qanchasi Medvedev prezident bo‘lgan vaqtda, boshqalari u Rossiya bosh vaziri bo‘lib ishlab yurgan paytlarda sodir bo‘ladi.
Praga uchrashuvi. 2010-yil 8-aprel kuni AQSHning navbatdagi prezidenti Barak Obama va Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Chexiya poytaxti Praga shahrida o‘zaro uchrashadi. Tomonlar yadro qurollarini qisqartirish bo‘yicha kelishuvlarni imzolaydi.
Meksikadagi uchrashuv. 2012-yil 18-iyunda Meksikaning Los Kabos shahrida o‘tkazilgan G20 (Katta yigirma) sammitida endi Obama sal avval “taxtga qaytgan” Putin bilan uchrashadi.
Gamburgdagi uchrashuv. 2017-yil 7-iyul kuni AQSH prezidenti Donald Tramp va Vladimir Putin Germaniyaning Gamburg shahrida o‘tkazilgan G20 (Katta yigirma) sammitida uchrashadi.
O‘sha paytda Rossiya harbiylarining 2014-yilda Ukraina sharqiga bostirib kirishi va Moskvaning Qrimni bosib olishi tufayli o‘zaro aloqalar ancha sovuq edi.
O‘shandan keyin Tramp va Putin turli tadbirlarda yana besh marta uchrashishadi. Shu jihatdan olganda Alyaskadagi uchrashuv Tramp va Putinning yettinchi uchrashuvi hisoblanadi.
Jeneva uchrashuvi. 2021-yil 16-iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Putin Jo Bayden bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Izoh (0)