AQSH davlat departamenti 16-avgust kuni g‘azoliklarga viza berish to‘xtatilganini e’lon qildi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, davlat departamenti ham, davlat kotibi Marko Rubio ham bu qarorga nima sabab bo‘lgani haqida izoh bermayapti.
“G‘azodan keluvchilar uchun viza berish jarayoni to‘liq va batafsil qayta ko‘rib chiqilayotganligi sababli to‘xtatiladi. Bu so‘nggi kunlarda berilgan tibbiy-gumanitar maqsadli vizalar jarayoni bo‘yicha tekshiruvni ham o‘z ichiga oladi”, deyiladi departament bayonotida.
Tramp ma’muriyati iyun oyidan boshlab, viza berish jarayonini murakkablashtirgan edi. Endilikda har bir murojaatchining ijtimoiy tarmoqlardagi “onlayn faoliyati” ham batafsil ko‘rib chiqilishi shart qilib qo‘yilgan. Departament o‘sha paytda “har bir viza — bu milliy xavfsizlik qarori” ekanini, AQSH manfaatlariga zarar yetkazish ehtimoli bo‘lgan shaxslarning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagandi.
Bu kabi choralar boshqa bir nechta davlatlarda ham kuzatilmoqda. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan Noel Barro avgust oyi boshida G‘azodan evakuatsiyalarni to‘xtatganini ma’lum qilgan. Bunga sabab, mamlakatdagi falastinlik talabalaridan biri internetda Adolf Gitlerning suratini joylab, yahudiylarni o‘ldirishga da’vat qiluvchi postni ulashgani bo‘lgan. Vazir vaziyatga munosabat bildirib, u talabaga Fransiyada joy yo‘q ekanini aytgan. Keyinchalik talaba Nur Attaallah Fransiyani tark etib, Qatarga ketgani xabar qilingan.
Shuningdek, Reuters agentligining Falastin markaziy statistika byurosi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, G‘azo aholisi 2023-yil oktyabr oyida boshlangan Isroil-HAMAS urushidan buyon 6 foizga kamaygan. Bu raqamga taxminan 100 ming nafar G‘azodan qochib chiqqan falastinliklar ham kiradi.
Izoh (0)