Eronlik xonanda Arash va o‘zbekistonlik prodyuser o‘rtasidagi mojarodan yaxshigina xabaringiz bor. Anglaganingizdek, Arash yaqinda Andijonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan festivalga salkam 165 ming dollar gonorar evaziga kelmoqda. Andijonga kelgan Arash O‘zbekiston sudi qaroriga ko‘ra, Toshkentdagi konsertiga kelmay o‘zbek prodyuseriga yetkazgan 25 ming dollar zararni qoplaydimi? MIB Arashni javobgar qilishga vakolatlimi? “Daryo” Arashdan jabrlangan Nigora Soim bugun shu mavzu haqida so‘z yuritadi.
Arash 2017-yil Toshkentda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan konsertiga oldindan gonorar olgan bo‘lsa-da, kelmagan. Shu tufayli o‘zbekistonlik tadbirkor 50 ming dollar zarar ko‘rgan. 2018-yilda Toshkent viloyati xo‘jalik sudi tadbirkorning foydasiga 24 797 AQSH dollari miqdoridagi zararni qoplash to‘g‘risida qaror chiqargan, ammo qaror hamon ijro etilgani yo‘q.

2017-yil konsertlar tashkilotchiligi bilan shug‘ullanib yurgan paytim Arashni olib kelaylik degan taklif bo‘ldi. Arashga aloqaga chiqildi. Uning gapi bilan prodyuseri Genri Ulman bilan gaplashib, 14-avgust kuni konsert o‘tkazish bo‘yicha shartnoma tuzganmiz.
Eronlik xonandaning gonorari 40 ming dollar edi. Bu Arash uchun qimmat narx. Aslida 25 ming dollar bo‘lishi kerak edi. Sozandalar jamoasi bilan kelishini aytgach, shu narxga ko‘nganmiz. Xullas 13 kishiga biletlar, vizalar oldik. Konsertda muxlislar bilan o‘yinlar o‘ynash, viktorinalar qilishni reja qilib, Arash nomidan sovg‘alar ham oldik.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, shartnoma tuzilganidan so‘ng dastlabki 10 ming dollarni o‘sha zahoti o‘tkazib berishimiz, keyingi 10 ming dollarni esa Arash Toshkentga kelishidan ikki hafta oldin to‘lashimiz kerak edi. Qolgan 20 ming dollarni esa Arash Toshkentga kelgan paytda olishi lozim edi. 14-avgustdagi shartnomaga ko‘ra, dastlabki 10 ming dollarni o‘tkazish uchun bankka bordim.
Bankdagilar ular bergan hisob raqam ofshor kompaniyaga tegishli, boshqa hisob raqam berishsin deyishdi. Arashning prodyuseri bilan gaplashib, shartnomani yangiladik. Shartnomani yangilash davomida faqat arbitraj sudi emas, O‘zbekistonning iqtisodiy sudlarini ham qo‘shmoqchi bo‘ldik. Shu masalada ancha muhokama qilib qolib, o‘rtada ozgina vaqt o‘tdi. So‘ngra biz pulni o‘tkazdik. Keyin menda biletlar sotilishi bilan bog‘liq muammolar tug‘ilgach, konsert kunini 13-oktyabrdan 31-oktyabrga ko‘chirdik, deydi Nigora Soim.

Suhbatdoshning tushuntirishicha, konsert kuni o‘zgargach, Arash videomurojaatini yangilab, 31-oktyabr kuni Toshkentga boraman deya muxlislari uchun video yuborgan. Ammo uning prodyuseri konsert o‘zgargani uchun qilinadigan xat-hujjatlarni imzolashdan bosh tortgan. Shuningdek, konsert uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan gonorarini to‘liq, oldindan olmoqchi bo‘lgan.
Arashning prodyuseri shartnomani yangilashni istamadi. “Mana videomurojaat jo‘natdik, konsert 31-oktyabrga deb. Sizlarga shu yetadi. O‘shani olib borib ko‘rsatgin”, degan. Men esa “Biz hujjat bilan ishlaymiz”, dedim. Xullas shartnoma yangilangani bois ular talab qilgan gonorarning qolgan qismi — 20 ming dollarni ular aytgan vaqtda bankdan yuborolmadik. Lekin Dubayda yashaydigan tanishlar orqali pulni prodyuserning uyigacha olib bordik. Faqat bizning nomimizdan pul olib borganlar pulni olganingni tasdiqlab imzo qo‘ygin deyishsa, yo‘q degan va pulni olmagan. Shu-shu konsert qoldirildi, deydi suhbatdosh.
“Daryo” Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi axborot xizmati bilan bog‘lanib, Toshkent viloyati xo‘jalik sudining 2018-yildagi qarori ijrosi taʼminlanmagani sababi bilan qiziqqandi. MIB matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov jurnalistning “Arash erta indin Andijonga festivalga kelsa, MIB sud qarori ijrosini taʼminlaydimi”, deya berilgan savoliga javob berar ekan “Bu ish bo‘yicha MIBga ijro hujjati yetib kelmagan”, degandi.
Arash va o‘zbek prodyuseri o‘rtasidagi mojaro kun tartibiga chiqqani uchunmi suhbat davomida Nigora opaga Tashqi ishlar vazirligidan qo‘ng‘iroq qilib qolishdi. Masʼulning bildirishicha, O‘zbekiston sudining Arashga nisbatan chiqargan qarori ijrosiga haligacha kirishilmagan. Shu sabab Andijonga kelgan Arash qo‘shig‘ini aytib, hech narsa bo‘lmagandek 165 ming dollar gonorarini olib, yana yurtiga qaytib ketish ehtimoli yuqori.
Sud qarori chiqqanidan beri yetti yil o‘tgan bo‘lsa, shu yetti yilda maksimum harakat qildim. Voqea ruhan ham meni sindirdi. Men xodimlardan ham, yuqori turuvchilardan ham, hech kimdan xafa emasman. Qachonlardir bizda ham “Ey, xato qildingmi? Javob ber. Mana bu yerda bizning sudimiz maynavozchilik emas senga”, deydigan tashkilotlar bo‘lar. Rahbariyatga shikoyat emas, iltimosnoma, agar mumkin bo‘lsa, shu ishni nazoratga oling, deydi Nigora Soim.
Eslatib o‘tamiz Andijonda bo‘lib o‘tadigan “Dunyo sadolari”ga taklif qilingan Arashga andijonliklar 2 mlrd 95 mln so‘m gonorar vaʼda qilgan.
Izoh (0)