Isroil tomonidan 2-martdan beri davom etayotgan blokada va insonparvarlik yordamiga to‘sqinlik sababli G‘azo sektorida ocharchilik avjiga chiqdi. Bu haqda G‘azo hukumati matbuot kotibi Ismoil Sevabita Turkiyaning Anadolu nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Isroil ikki oydan ortiq vaqtdan beri G‘azoni qattiq qamalda ushlab turgan va chegara o‘tish joylarini yopib qo‘ygan. Sevabita gumanitar falokat uchun Isroil to‘liq javobgar ekanini ma’lum qildi.
“Oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar 2,4 million tinch aholiga qarshi qurol sifatida ishlatilmoqda. Bu xalqaro gumanitar huquqning asosiy tamoyillarini qo‘pol ravishda buzishdir. O‘tish joylarining yopilishi, shafqatsiz blokada, oziq-ovqat tanqisligi, un yetishmasligi va novvoyxonalarning yopilishi G‘azodagi oziq-ovqat tizimini butunlay qulash yoqasiga olib keldi,” deya qo‘shimcha qildi matbuot kotibi.
U G‘azoda zamonaviy tarixdagi eng dahshatli ochlik hukm surayotganini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatdan saqlab qolish mumkin bo‘lgan narsalarni qutqarish uchun yordam so‘radi.
Isroil 2-mart kuni HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvning birinchi, 42 kunlik bosqichi tugaganidan beri G‘azoga gumanitar yordam kirishini butunlay to‘xtatib qo‘ygan edi.
2023-yil 7-oktyabrda Isroil yirik harbiy harakatlarni boshlaganidan beri 2 milliondan ortiq odam o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Fuqarolik infratuzilmasi va tibbiyot muassasalari ham achinarli ahvolga tushib qolgan.
Suv va elektr energiyasining o‘chirilishi, shuningdek, chegara o‘tish joylarining bloklanishi falastinliklarning shusiz ham og‘ir turmush sharoitlarini sezilarli darajada yomonlashtirdi.
7-oktyabr kuni jangovar harakatlar boshlanganidan beri G‘azoda umumiy hisobda 52 400 kishi halok bo‘lgan va 118 014 kishi yaralangan.
Izoh (0)