Isroil G‘azo shahrida boshpana sifatida foydalanilayotgan maktabga hujum qildi. Oqibatda kamida 10 kishi halok bo‘ldi, jumladan bir bola yong‘inda kuyib vafot etdi. Bu haqda Al jazeera xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, maktabda majburiy ko‘chirilgan odamlar yashagan. Hodisa oqibatida ko‘plab odamlar jarohat olgan.
Bolalar ko‘chirilganlarning chodirlarida uxlayotganda yonib ketmoqda. Xavfsiz hududlar yo‘q, bu qirg‘indan omon qolganlar ham yo‘q. G‘azo shahri va uning shimoliy hududlari soatlab Isroilning kuchli bombardimoniga duch kelmoqda va artilleriyadan o‘qqa tutilmoqda, dedi Al Jazeera muxbiri Anas al-Sharif.
Hujum oqibatida kelib chiqqan yong‘in chodir konstruksiyalari va brezent qoplamasini qamrab olgan. Stullar yonib ketib, karavot ramkasi erib ketgan.
Bu Isroil tomonidan maktabga qilingan yagona hujum emas, avval ham quyidagi hujumlar qayd etilgandi:
- Aprel oyi boshida G‘azo shahrining Tuffah mahallasida joylashgan uchta maktabga havo hujumlari oqibatida kamida 33 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohat oldi.
- Noyabr oyida, ikki haftalik farq bilan sodir etilgan ikki hujumda Isroil armiyasi shimoliy G‘azodagi al-Faxura maktabini nishonga olib, kamida 65 kishining umriga zomin bo‘ldi.
- Avgust oyida, G‘azo shahridagi al-Tabin maktabiga isroillik kuchlar tomonidan amalga oshirilgan bomba hujumida ertalabki ibodat uchun to‘plangan falastinliklardan 100 dan ortig‘i halok bo‘ldi.
- Iyul oyida esa Isroil armiyasi janubdagi Abasan shaharchasida, Xon Yunus yaqinida joylashgan al-Avda maktabiga hujum qilib, kamida 30 kishini o‘ldirdi.
- 2023-yil noyabrida, urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay, G‘azo shahridagi al-Buroq maktabiga qilingan bomba va artilleriya hujumlari kamida 50 kishining, jumladan bolalarning, hayotiga zomin bo‘ldi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari ilgari Isroilning maktablar va shifoxonalar kabi fuqarolik obyektlariga uyushtirgan hujumlarini insoniyatga qarshi jinoyat deb baholagan.
Izoh (0)