Amerika qo‘shma shtatlari davlat departamenti Xitoyning Chang Guang Satellite Technology kompaniyasini sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali Yamandagi husiylar harakatini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblamoqda. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

AQSH davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus ushbu kompaniya husiylarga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam ko‘rsatayotganini aytib, Xitoy hukumati bu masala bo‘yicha AQSHga murojaat qilganiga qaramay, kompaniyani qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganini bildirgan.
“Bu Xitoyning ‘tinchlikni qo‘llab-quvvatlaydi’ degan bayonoti asossiz ekanligini isbotlaydi”, deydi Temmi Bryus.
Dastlab Bryus kompaniya husiylarga qanday aniq yordam ko‘rsatganini aytmagan. Biroq keyinchalik u “xitoylik kompaniya husiylarga sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini taqdim etgani”ga aniqlik kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, husiylar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazidagi kemalarga 2023-yil noyabr oyida hujum qila boshlagan. Husiylar bu hujumlarni G‘azo sektoridagi falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirayotganliklarini aytishgan. Ushbu hujumlar Suvaysh kanali orqali yuk tashishni to‘xtatib, ko‘plab kompaniyalarni Afrika janubi orqali aylanma yo‘ldan o‘tishga majbur qildi. Natijada yuk tashish narxi keskin oshdi.
Ma’lumot uchun Changuan kosmik sun’iy yo‘ldosh texnologiyasi 2023-yilda AQSH sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan. Buning sababi u Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida muhim rol o‘ynagan “Vagner guruhi”ni sun’iy yo‘ldoshdan yuqori aniqlikdagi suratlar bilan ta’minlashda gumon qilinayotgani bilan bog‘liq.
18-aprel kuni AQSH Yamandagi husiylarga havo hujumlari uyushtirdi. Oqibatda 33 kishi halok bo‘ldi, 80 kishi jarohatlandi.
Izoh (0)