Rossiyaning Xitoy bilan chegarasidagi daryolarda suv sifati keskin yomonlashgani aniqlandi. Bu haqda Hisob palatasi hisobotiga tayanib, “RBK” nashri xabar berdi.

2020–2023-yillar davomida olib borilgan nazorat tadbirlari doirasida Xitoy bilan chegaradagi sakkizta punktda, shuningdek, Argun, Ussuri va Sungacha daryolarining quyi oqimidagi to‘rtta punktda suv namunalari olingan. Bundan tashqari, Mo‘g‘uliston bilan chegaradosh Onon, Qira va Ulza-Gol daryolarining quyi oqimlarida joylashgan uchta punktdan ham suv tahlil qilingan.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Primorskiy o‘lkasidagi tekshirilgan suv havzalarining birortasida ham suv sifati “shartli toza” mezoniga mos kelmagan. Aksincha, ular “yengil ifloslangan”, “ifloslangan”, “juda ifloslangan”, “iflos” yoki “juda iflos” toifalarga kiritilgan. Xabarovsk o‘lkasida esa barcha tahlil qilingan namunalarda ruxsat etilgan konsentratsiyadan ortiq ifloslantiruvchi moddalar mavjudligi aniqlangan.
Hisob palatasi ta’kidlashicha, daryolarning ifloslanishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillardan biri — qo‘shni davlatlar hududidan tozalanmasdan yoki yetarlicha tozalanmagan oqava suvlarning daryolarga yo‘naltirilishi.
Xususan, so‘nggi 5 yil ichida Amur daryosini ifloslantiruvchi obyektlar soni 21,6 foizga oshib, 111 taga yetgani aniqlangan. “Rosprirodnadzor” ma’lumotlariga ko‘ra, transchegaraviy suv havzalariga yetkazilgan zararlarni aniqlash, ularni qoplash va suv obyektlarini himoya qilish borasida qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan.
Rossiyada Uzoq Sharqda xo‘jalik obyektlarining suv obyektlariga haqiqiy ta’sirini baholash uchun yetarli stansiyalar mavjud emas, deydi Butunrossiya tabiatni muhofaza qilish jamiyati Markaziy kengashi raisi Vyacheslav Fetisov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ifloslanish manbalari ikki turga bo‘linadi: nuqtaviy manbalar (quvurlar, tarnovlar va boshqa texnik vositalar orqali), va diffuz manbalar (hudud bo‘ylab oqimlar va boshqalar). Ammo Rossiyada aynan diffuz manbalar bo‘yicha monitoring olib borilmaydi. Fetisovning qayd etishicha, aynan shunday manbalar orqali suv havzalariga ko‘proq zararli moddalar tushmoqda.
Uzoq Sharqdagi daryolarda suvning me’yoriy sifatini saqlash murakkab vazifa, chunki mintaqaning asosiy daryosi — Amur transchegaraviy bo‘lib, uning havzasining katta qismi Xitoyda joylashgan, deydi texnika fanlari doktori, Rossiya Fanlar akademiyasi Suv muammolari instituti yerusti suvlarini modellashtirish laboratoriyasi mudiri Mixail Bolgov.
U muammoni faqat muntazam davlatlararo monitoringni tashkil etish orqali hal qilish mumkinligini aytmoqda.
Izoh (0)