Joriy yil birinchi choragida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2024-yil mos davridagidan 6,8 foizga ko‘p bo‘ldi. Bu haqda Statistika qo‘mitasining dastlabki maʼlumotlarida keltirilgan.

2025-yil yanvar—mart oylarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot hajmi 333,6 trln so‘mni (25,8 mlrd dollar) tashkil etdi.
Ilk chorakda sanoat tarmog‘i 6,5 foiz, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 3,8 foiz o‘sgan. Qurilish ishlari hajmi 10,7 foiz ko‘paygan.
Uch oy mobaynida xizmatlar ko‘rsatish sohasida o‘sish surʼati 7 foizni tashkil etgan. Shundan savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar hajmi 8,8 foizga, tashish va saqlash, axborot va aloqa ulushi 14,3 foizga ortgan.
Birinchi chorakda respublika korxonalari tomonidan jami 211,3 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Dastlabki chorakda 2024-yil mos davriga nisbatan xom neft va tabiiy gaz ishlab chiqarish 9,8 foiz, mashina va uskunalardan tashqari tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish 20,9 foiz kamaygan.
“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qimmatlashishi tuxum narxi 7,2 foiz, sabzavotlar 5 foiz, go‘sht 3,6 foiz va sut narxi 3,6 foiz oshishi bilan izohlanadi”, deyiladi qo‘mita sharhida.
Yanvar—mart oylarida respublika isteʼmol sektoridagi inflyatsiya darajasi 2,1 foizni tashkil etdi. Birinchi chorakda oziq-ovqat mahsulotlari 2,9 foizga qimmatlashib, inflyatsiyaning 1,3 foiz ko‘tarilishiga taʼsir qilgan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,8 foiz o‘sib, inflyatsiyani 0,2 foizga oshirgan. Xizmatlar esa 2,6 foizga qimmatlashib, isteʼmol narxlari 0,6 foiz o‘sishiga olib kelgan.
Uch oy davomida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 120,4 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yil mos davriga nisbatan 7,9 foiz ko‘p.
Maʼlumot uchun, 2022-yilning yanvar—mart oylarida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 162,8 trln so‘m, 2023-yil mos davrida 198,5 trln so‘m, 2024-yil dastlabki uch oyida 242,7 trln so‘m bo‘lgan.
Izoh (0)