Qozog‘iston Tojikiston bilan faqat elektr energiyasi tanqis bo‘lgan soatlarda Rog‘un GESdan energiya yetkazib berish bo‘yicha 20 yilga shartnoma tuzdi.

Kelishuvga ko‘ra, tomonlar Markaziy Osiyo energiya tizimlari bilan chegarada elektr energiyasini soatbay hisobga olishni tashkil etish choralarini ko‘radi.
Tojikiston tomoni O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston energetika tizimlarini bog‘lovchi davlatlararo elektr uzatish liniyalari orqali telemetrik ma’lumotlarni Qozog‘istonning “KEGOC” AJ tizim operatoriga uzatishni ta’minlaydi, deyiladi hujjatda.
Elektr energiyasini yetkazib berish faqat taqchil soatlarda, shuningdek, Rog‘un GESning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Rejalashtirilgan elektr energiyasi hajmlari “KEGOC” AJ tomonidan tasdiqlangan kunlik ishlab chiqarish va iste’mol grafiklariga kiritiladi va bu grafiklar o‘zgartirilmaydi. Hisob davri yakunida bu grafiklarda ko‘rsatilgan hajmlar “Energiya” dispetcherlik boshqaruv markazi tomonidan tasdiqlanadi va bu hajmlar sotuvchi va xaridor uchun bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirishda asos bo‘ladi.
Bitimning amal qilish muddati 20 yil bo‘lib, uni 10 yilga uzaytirish imkoniyati mavjud. Rog‘un GESdan elektr energiyasi narxi har 1 kilovatt soat uchun 0,034 AQSH dollari (QQS bilan) miqdorida belgilangan.
Izoh (0)