WBC, WBA va WBO kamarlari sohibi, og‘ir vazn toifasidagi mag‘lubiyatsiz seriya qayd etib kelayotgan ukrainalik bokschi Oleksandr Usik (23 g‘alaba, 14 nokaut) yana ikki jang o‘tkazib, ringdagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qilishi mumkin. Bu haqda The Stomping Ground You Tube sahifasida xabar berildi.

Birinchi jang allaqachon rejalashtirilgan: 2025-yil 19-iyul kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. Usik o‘sha kuni britaniyalik Daniel Dyubua (22 g‘alaba, 2 mag‘lubiyat, 21 nokaut)ga qarshi revansh jangini o‘tkazadi. Ushbu boks oqshomidagi g‘alaba Usikka mutlaq jahon chempioni unvonini taqdim etadi. Eslatib o‘tamiz, ularning ilk to‘qnashuvi 2023-yil avgust oyida Polshada bo‘lib o‘tgan va Usik 9-raundda raqibini nokautga uchratgandi.
Usik Dyubua bilan revansh jangidan so‘ng xayrlashuv uchrashuvini rejalashtirgan. Bu bahsda ikkita ehtimoliy raqib nomini tilga olgan: Tayson Fyuri yoki Entoni Joshua.
Ta’kidlash joiz, ukrainalik bokschi avvalroq Joshua (2021 va 2022-yillarda) va Fyurini (2024-yilda) mag‘lub etgan. Har uchala jangda Usik hakamlar qarori bilan g‘alaba qozongan.
Izoh (0)