Rossiyada o‘zbek migrantlari huquqlariga rioya etilishi nazorati kuchaytiriladi. Bunga mehnat migratsiyasi va migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston—Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishida kelishildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yig‘ilish 28—29-aprel kunlari Moskvada bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya bosh prokurori Igor Krasnovning taklifiga binoan, O‘zbekiston bosh prokuror o‘rinbosari Shoxruh Aminov rahbarligidagi vazirlik va idoralar delegatsiyasi ishtirok etdi.
Rossiya delegatsiyasi tarkibiga Rossiya bosh prokurori o‘rinbosari Pyotr Gorodov rahbarligida Bosh prokuratura, Federal xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar, Ichki ishlar vazirliklari va boshqa idoralar vakillari kiritilgan.
Tadbir davomida tomonlar migratsiya sohasidagi amaldagi holat, muammoli jihatlar va ularni hal etish yo‘llarini muhokama qildilar. Yig‘ilish ishtirokchilari ikki davlat manfaatlarini hisobga olgan holda migratsiya sohasida qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib oldi.
-D8Mjncv9.avif)

Ikki davlat Bosh prokuraturalari O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kelishi hamda Rossiya fuqarolarining O‘zbekistonga kelishlari jarayonida ularning huquqlarga rioya etilishi ustidan nazorat va kuzatuvni kuchaytirish majburiyatini oldi.
Tadbir yakunida delegatsiyalar rahbarlari mehnat migratsiyasi va migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston—Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi majlisida qabul qilingan qarorlar aks etgan bayonnomani imzoladi. Imzolangan bayonnoma ijrosi O‘zbekiston va Rossiya Bosh prokuraturalari tomonidan alohida nazoratga olinadi.
Rossiyada chet el fuqarolarining huquqiy maqomini rasmiylashtirishi (legalizatsiya) lozim bo‘lgan muddat 2025-yilning 10-sentyabrgacha uzaytirildi. Pora evaziga hujjat olgan migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish taklif etildi. Migratsiya agentligi Rossiyada ishlab yurgan, ammo, hujjatlarida kamchiligi mavjud bo‘lgan barcha o‘zbekistonliklarga huquqiy, amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Izoh (0)