Rossiyaning Primorsk o‘lkasidagi koloniyadan Xitoy fuqarosi qochib ketdi. Federal jazoni ijro etish xizmati xodimlari va politsiyachilar uni qidirmoqda.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, qochib ketgan mahbus Xitoy fuqarosi bo‘lib, uning bo‘yi 175 santimetrdan baland bo‘lgan. Erkak sport shimi, krossovka va kapyushonli qora kurtka kiygan. Mahbus qochib ketgan koloniyada mahkumlar Jinoyat-ijroiya kodeksining 129-moddasiga ko‘ra, qo‘riqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadi.
Ular muassasa hududida soqchilarsiz erkin harakatlanish va administratsiya ruxsati bilan hududni tark etish huquqidan foydalanadi. Federal jazoni ijro etish xizmati mahbus qaysi modda bo‘yicha va qachon sudlanganiga aniqlik kiritmagan.
“RIA Novosti”ning huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga ko‘ra, Xitoy fuqarosiga chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun qamoq jazosi berilgan. Koloniyadan qochgani uchun unga qo‘shimcha jazo qo‘llanishi mumkin.
Rossiya jinoiy-ijroiya tizimi muassasalarida chet el fuqarolari soni ko‘paygan. 2025-yil boshiga kelib qamoqxonalar va koloniyalarda 30 mingdan ortiq chet elliklar saqlangan, ularning qariyb 70 foizi Markaziy Osiyodan kelganlardir.
Izoh (0)