Xitoy AQSH Kongressi a’zolari, shuningdek, mamlakat ichki ishlariga aralashganlikda ayblanayotgan amerikalik amaldorlar va nodavlat tashkilotlar rahbarlariga qarshi sanksiyalar joriy etmoqda. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga asoslanib, South China Morning Post (SCMP) gazetasi xabar berdi.

“Xitoy hukumati Gonkong bilan bog‘liq masalalarda noto‘g‘ri yo‘l tutgan AQSH Kongressi a’zolari, amaldorlar va nodavlat tashkilotlari rahbarlariga qarshi sanksiyalar kiritishga qaror qildi. Amerika tomonining har qanday g‘ayriqonuniy harakatlari Xitoyning qat’iy javobi va tegishli qarshi choralari bilan duch keladi”, deyiladi bayonotda.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Go Szyakun, shuningdek, bu qaror Qo‘shma Shtatlar tomonidan Xitoy markaziy hukumatining Gonkongdagi idoralari va ma’muriy hududning olti nafar mansabdor shaxsiga nisbatan kiritilgan sanksiyalarga javoban qabul qilinganini ta’kidladi. Uning aytishicha, AQSHning bunday harakatlari “Gonkong va Xitoyning ichki ishlariga jiddiy aralashuv hisoblanadi”.
Xitoy Mudofaa vazirligi AQSHni xakerlik imperiyasi deb atagandi.
AQSH va Xitoy savdo urushi
2-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp barcha davlatlar uchun 10 foizlik asosiy tariflarni joriy qildi. Ular qatorida O‘zbekiston ham bor. Ammo bojlar har bir davlatning savdo balansiga qarab o‘zgardi. Xitoy bilan savdoda yirik defitsit mavjudligi bois AQSH bu mamlakat uchun tariflarni ancha yuqori darajaga ko‘tarib, 34 foizga yetkazdi.
Bunga javoban Pekin ham shuncha miqdorda Amerika tovarlariga bojlar soldi. Shundan so‘ng Tramp agar Pekin javob choralaridan voz kechmasa, bojlarni 50 foizgacha oshirish bilan tahdid qildi. Shu sababli bojlar 104 foizga oshdi.
Natijada Xitoy Amerika mahsulotlari uchun bojlarni 84 foizga oshirishini e’lon qildi. Mazkur e’lon ortidan Tramp Pekin uchun tariflar 125 foizga chiqishini aytdi, keyinchalik buni 145 foizga oshirdi. Xitoy mazkur tariflarga javoban stavkani 125 foizga ko‘tardi. Oq uy mazkur harakatni “qasoskorona choralar” deb atab, Xitoydan olib kelinadigan mahsulotlarga boj tariflari 245 foizgacha ko‘tarilishini bildirdi.
Xitoy AQSHni “o‘zaro bojlar”ni bekor qilishga va o‘zining noto‘g‘ri amaliyotini tuzatishga chaqirdi. XXR raisi Si Szinpin hech bir davlat “boj urushi”dan yutmasligini qayd etdi.
Izoh (0)