Niderlandiya tinch va xavfsiz hayot kechirish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun “tish-tirnog‘igacha qurollanishi” kerak. Bu haqda mamlakat qiroli Villem-Aleksandr xabar berdi.

Qirol tegishli bayonotni Limburgdagi harbiy bazadagi chiqishida aytdi va urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi.
Bizda har doim erkinlik va tinchlik bo‘ladi, deb o‘ylagandirmiz. Afsuski, Ukraina va boshqa mojarolar bunday emasligini isbotlamoqda. Biz haqiqatan ham tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak, dedi Villem-Aleksandr.
U mamlakat armiyasini qayta qurollantirish uchun mudofaa sanoatini ham qayta qurish kerakligini qayd etdi.
Biz ishlab chiqarishni tiklash imkoniyatiga ega bo‘lishimiz kerak, dedi Niderlandiya qiroli.
Mamlakat mudofaa va xavfsizlikka 1,1 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. 2024-yil noyabr oyida Niderlandiya mudofaa vaziri Ruben Brekelmans hokimiyat tahdidlar kuchayib borayotgani sababli mudofaaga qo‘shimcha 716 million yevro ajratishini aytgandi.
Shu bilan birga, Niderlandiya Yevropa Komissiyasining 800 milliard yevrolik qayta qurollanish rejalariga qarshi chiqqan. Rasmiylar dasturda ishtirok etish davlat qarzining oshishiga olib kelishidan qo‘rqmoqda. Chunki Yevrokomissiya mamlakatlarga byudjet qoidalaridan chekinishga ruxsat berilishini e’lon qilgan.
Mart oyi oxirida Niderlandiya mudofaa vaziri Kiyevga tashrif buyurgan edi. O‘shanda Ukrainaga 2025-yilda harbiy yordam sifatida 2 milliard yevro ajratishga qaror qilingan.
Izoh (0)