Samarqand shahrida Lacetti yo‘lni kesib o‘tayotgan bir guruh fuqarolarni urib yubordi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Unda avtomobillar piyodalar yo‘lagi oldida to‘xtab turganini, fuqarolar, shu jumladan, yosh bolalarini olib o‘tayotgan ayollar yo‘lni kesib o‘tayotganida Lacetti katta tezlikda kelib ularni urib yuborib, qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketganini ko‘rish mumkin.
Samarqand IIB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 11-aprel kuni soat 20:00 larda Samarqand shahri “Nurli yo‘l” mahallasi hududidan o‘tuvchi Rudakiy ko‘chasida sodir bo‘lgan. 1997-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvida bo‘lgan Lacetti piyodalar o‘tish yo‘lagidan yo‘lni kesib o‘tayotgan fuqarolarni urib yuborgan.
Mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olgan piyodalar shifoxonaga yetkazilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
IIB matbuot kotibi Hamidullo Sag‘dullayevning “Daryo” so‘roviga ko‘ra aniqlik kiritishicha, bir kishi — 33 yoshli ayol vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Aprel oyida sodir bo‘lgan YTHlar
24-aprel kuni Jizzaxda Tracker yuqori tezlikda kelib, do‘konga urildi. 19-aprel kuni Qashqadaryoda 14 yoshli bola avtohalokat sodir etib, ikki do‘stining o‘limiga sababchi bo‘ldi. Shu kuni Andijonda yuk mashinasi boshqa bir yuk mashinasiga urilib, ag‘darib yubordi. 15-aprelda Namanganda ikki sinfdosh ijaraga olingan Spark’da YTHga uchradi. 13-aprel kuni Toshkentda yuk mashina haydovchisi piyodani urib yuborib o‘limiga sababchi bo‘ldi.
Izoh (0)