O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda issiqxonalar uchun haroratni mo‘tadillashtiruvchi “aqlli” plyonka ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan dunyoda ilk bor issiqxonalar uchun mo‘ljallangan plyonkalar tarkibiga qo‘shiluvchi, haroratni mo‘tadillashtirish vazifasini bajaradigan nano-kompozit zarrachalar sintez qilindi.
Bu nano-zarrachalar quyosh nurining ultrabinafsha nurlanishini yaqin infraqizil diapazonga aylantiradi. Shu bilan birga, bunday fotonlarning issiqlik energiyasi 17-22 darajaga teng bo‘ladi. Natijada tashqi harorat 3-7 daraja sovuq bo‘lgan holatda ham, issiqxona ichidagi harorat qo‘shimcha qizdirishsiz 5-7 daraja iliq haroratgacha saqlanadi (odatiy plyonkalarda bu ko‘rsatkich 0-2 daraja bo‘ladi). Issiq kunlarda esa issiqxona ichidagi harorat 5–8 darajaga pasayadi.
Infraqizil diapazondagi fotonlar soni ko‘payishi tufayli fotosintez tezlashadi va o‘simliklar 1,5–2 baravar tez o‘sadi. Shu bilan birga energiya sarfi 60 foizdan ortiq kamayadi, hosildorlik 35–50 foizga ortadi, sug‘orish uchun suv tejalishi 30 foizni tashkil etadi, agar gidrogellar qo‘llanilsa, bu ko‘rsatkich 90 foizgacha yetadi. Plyonkaning mustahkamligi 3 baravar oshadi.
Sinovlar Toshkent, Jizzax, Farg‘ona va Аndijon viloyatlarida o‘tkazilgan. Hozirgi kunda Shanxay Qishloq xo‘jaligi akademiyasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining turli tuproq-iqlim sharoitida keng ko‘lamli sinovlar olib borilmoqda.
Xitoyning Shanghai Daedon Science and Technology Ltd. kompaniyasi bilan O‘zbekistonda Materialshunoslik instituti bazasida nano-poroshoklarni qo‘shma tajriba-sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tajriba-sanoat ishlab chiqarishni rivojlantirish rejasiga ko‘ra, 2025-yilda 1 tonna, 2026-yilda esa 10 tonna nano-zarrachalar ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish hajmini yiliga 2 000 tonnaga yetkazish uchun nano-poroshoklar ishlab chiqarish zavodi quriladi.
-Apo075cL.avif)
Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha Shanghai Daedon Science and Technology Ltd. kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Izoh (0)