Joriy yilning 15-aprel kuni Xitoy harbiy havo kuchlariga tegishli kamida oltita Xi’an Y-20 harbiy transport samolyoti rasman e’lon qilinmagan parvoz bilan Misrga keldi. Bu haqda Flightradar24 kabi monitoring platformalar va ochiq manbalardagi boshqa ma’lumotlarga tayanib xabar berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotlar Misr janubidagi Vadi Abu Rish havo kuchlari bazasiga qo‘ngan. Oradan bir kun o‘tib, ularning bir qismi Xitoyga qaytib ketgan.
Hozircha samolyotlar o‘zi bilan qanday yuk olib kelgani mavhumligicha qolmoqda. Biroq tahlilchilarning fikricha, bir nechta havo kemalarining bir vaqtda yuborilishi bu oddiy logistik operatsiya emasligidan darak beradi. Maxfiylik darajasi va parvoz ko‘lami kuzatuvchilarda jiddiy savollar uyg‘otgan.
So‘nggi yillarda Xitoy va Misr o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik aloqalari ancha mustahkamlandi. Bu qurol-yarog‘ savdosi, qo‘shma mashg‘ulotlar va terrorizmga qarshi kurash kabi sohalarni o‘z ichiga oladi. Ammo bu safargi amaliyotning maxfiylik darajasidan kelib chiqib, samolyotlar bortida yuqori qiymatga ega texnik vositalar bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Xi’an Y-20 Xitoyning eng yirik harbiy yuk samolyoti bo‘lib, Xi’an Aircraft Industrial Corporation tomonidan ishlab chiqarilgan. U Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi havo kuchlari (PLAAF) safida xizmat qiladi. Samolyot 60 tonnadan ortiq yuk tashish quvvatiga ega bo‘lib, askar, harbiy texnika yoki strategik yuklarni uzoq masofalarga yetkazishga mo‘ljallangan.
Avvalroq Xitoy Y-20 samolyotlaridan inqiroz nuqtalariga gumanitar yuklarni yetkazib berish hamda Serbiyaga harbiy jo‘natmalarni amalga oshirishda foydalangan edi. Mazkur amaliyot yuzasidan Pekin ham, Qohira ham rasmiy bayonot bergani yo‘q.
Izoh (0)